Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Korxona salohiyati yildan yilga yuksalmoqda
17:37 / 2023-04-04

Navoiy kon-metallurgiya kombinatida mustaqillik yillarida erishilgan yutuqlar haqida so‘z ketsa, 4-gidrometallurgiya zavodining qurilishi va foydalanishga topshirilishi alohida ta’kidlanadi.

Darvoqe, bugungi kunda respublikamiz iqtisodiyotiga munosib hissa qo‘shayotgan zavod kombinat barcha bo‘linmalari jamoalarining hamjihatlikdagi fidokorona mehnati bilan qisqa muddat - o‘n bir oyda qurib bitkazilib, foydalanishga topshirildi. Zavod texnologik jarayonlarida xorijda ishlab chiqarilgan zamonaviy asbob-uskunalar qo‘llanildi. Maydalash Finlyandiyada ishlab chiqarilgan jag‘li maydalagichda, ma’danni gravitatsion boyitish Kanadaning “Falkon” kompaniyasida ishlab chiqarilgan markazdan qochma konsentratorlarda, gravikonsentratni intensiv sianlash va elektroliz jarayonlari Avstraliyaning “Gekko” kompaniyasida ishlab chiqarilgan zamonaviy reaktorlar va elektrolizyorlarda amalga oshirilmoqda.

– Yillar shiddat bilan o‘tayotgani rost. Mana, 4-gidrometallurgiya zavodi ishga tushirilganiga o‘n uch yil bo‘layapti, – deydi Janubiy kon boshqarmasi 4-GMZ bosh texnologi Otabek Jabborov. – Ana shu davrda zavodimiz nafaqat Janubiy kon boshqarmasi, balki Navoiy kon-metallurgiya kombinatining ham ilg‘or bo‘linmalaridan biriga aylandi. Korxonada butun mamlakatimizda ro‘y berayotgan islohotlarga mos tarzda keng ko‘lamli ishlar olib borilayotganligi, mahalliy kadrlarning malakasi, izlanish va intilishlari tufayli ishlab chiqarishda muvaffaqiyatlar qo‘lga kiritilayotganligi har tomonlama e’tirofga munosib.  

Darvoqe, mazkur istiqbolli korxona jamoasi yuksak texnik va texnologik salohiyatli yosh, bilimli va fidoiy kadrlariga ega. Zavod qurilishidan boshlab mehnat qilib kelayotgan malakali mutaxassislar, yoshlarning g‘amxo‘r va talabchan ustozlari maydalash, gravitatsiya va ohak eritmasi tayyorlash bo‘limi boshlig‘i Sh.Ruxsatov, ma’dan tayyorlash uchastkasi boshlig‘i R.Norqo‘ziyevlarning boy tajribalaridan bahramand bo‘layotgan N.Hayitov, O.Mushakayev, E.Qodirov, F.Sattarov, T.Mamatov, E.Muratov, I.Homidov, U.Karimov, G‘.Jonizoqov kabi yosh texnologlar ishlab chiqarishning turli bo‘linmalarida zimmalaridagi ma’suliyatli vazifalarni astoydil bajarmoqdalar. Mahalliy kadrlar zamonaviy, murakkab texnologiyalarni mohirlik bilan boshqarishdan tashqari ularni takomillashtirishmoqda.

Loyiha quvvati yiliga 1,8 million tonna ma’danni qayta ishlashga mo‘ljallangan zavodda jamoaning yagona maqsad yo‘lidagi ahilligi, fidokorona mehnati, iqtidorli mutaxassislarning ratsionalizatorlik takliflari va ish samaradorligiga yo‘naltirilgan texnik yechimlar evaziga bu ko‘rsatkichni 2 million tonnadan oshirishga erishildi.  

Zavodda “NKMK” AJning kombinatni innovatsion rivojlantirish dasturiga muvofiq yirik tadbirlar va loyihalar ro‘yobga chiqarilmoqda. Jumladan, sorbsiya bo‘limi texnologiyasini takomillashtirish va asosiy metall ajratib olish darajasini oshirish maqsadida boshlang‘ich sianlash pachuklari sorbsion sianlash pachuklariga o‘tkazildi.  

Tayyor mahsulotlar uchastkasida intensiv sianlash  kekini yanchish uzeli foydalanishga topshirilib, qo‘shimcha tarzda intensiv sianlash reaktori va elektroliyorlar o‘rnatilib, ishga tushirildi. Gravitatsiya uzeliga tebranma g‘alvir va konsentrator jihozlari o‘rnatildi. Ishlab chiqarishga joriy qilingan bunday innovatsion loyihalar samarasi o‘laroq, ma’danni qayta ishlash, ma’dan tarkibidan metall ajratib olish ko‘rsatkichlarida o‘sish ta’minlanmoqda. Yaqin kelgusida innovatsion loyihalar hisobiga zavodda asosiy metalni ajratib olish ko‘rsatkichini 1-1,5 foizga oshirish mo‘ljallanyapti.  

Abduvali Bo‘riyev, O‘zA