Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Korxona mahsulotlari tez va qisqa muddatlarda rasmiylashtirilmoqda
14:24 / 2023-01-26

Bojxona organlari mamlakat iqtisodiy xavfsizligi va manfaatlarini ta’minlashda asosiy tizim bo‘lib, eksport-import amaliyotlarini bajarishda yirik korxonalarning yaqin ko‘makchisi sanaladi.

“Navoiyuran” davlat korxonasi uran oksidi va ammoniy perrenati tayyor mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi va xorijiy mamlakatlarga 100 foiz eksport qiluvchi yirik korxonalardan biri hisoblanadi.  

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 14 iyuldagi “2022-2030 yillarda “Navoiyuran” davlat korxonasida uranni qazib olish, qayta ishlash hajmlarini oshirish hamda uni transformatsiya qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan belgilangan eksport ko‘rsatkichlarini bajarish uchun 2022-2026 yillar davomida ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan tabiiy uran hajmlari Yaponiyaning “Itochu” va “Marubeni” kompaniyalariga, Kanadaning “Cameco” va uning sho‘’ba korxonasi bo‘lgan AQSHdagi “Nukem” kompaniyalariga, Hindistonning “Atom energetikasi departamenti”ga hamda Janubiy Koreyaning “KHNP” kompaniyasiga eksport qilinishi bo‘yicha shartnomalar imzolangan.  

bugungi kunda korxona yuklarini deklaratsiyalash “Bojxona yuklarini deklaratsiyalash va sertifikatlashtirish xizmati” mutaxassislari tomonidan elektron tarzda amalga oshirib kelinmoqda.

– Bojxona yuklarini deklaratsiyalash va sertifikatlashtirish xizmatining asosiy faoliyati import asosida olib kelinayotgan tovar mahsulotlari va eksportga chiqarilayotgan tovar mahsulotlarini bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazish va tegishli sertifikatlarni olish, – deydi “Navoiyuran” DK bojxona yuklarini deklaratsiyalash va sertifikatlashtirish xizmati boshlig‘i Hasan Muxtorov. – Shu bilan birgalikda xizmat tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga asosan mahsulotlar uchun tashqi iqtisodiy faoliyat tovar nomenklaturasi kodlarini aniqlash hamda import qilinadigan mahsulotlarni bojxona rasmiylashtiruvida to‘lanadigan bojxona to‘lovlari bo‘yicha xulosalar beriladi. Bojxona rasmiylashtiruvini amalga oshirishda korxona mutaxassislari tomonidan bojxona deklaratsiyasi elektron tarzda “Masofaviy elektron deklaratsiyalash” bojxona postiga taqdim etiladi. Tegishli qarorlarga asosan har bitta bojxona deklaratsiyalari soddalashtirilgan tizim asosida qisqa muddatlarda rasmiylashtirilmoqda. Ushbu soddalashtirilgan tizim va tezkor amalga oshirilayotgan rasmiylashtiruv korxona oldiga qo‘ygan rejalarni o‘z vaqtida bajarishda muhim ahamiyatga ega.  

Albatta, soddalashtirilgan tizim va tezkor amalga oshirilayotgan rasmiylashtiruv korxonaning eksport salohiyatini oshirish va xorijiy hamkorlar bilan o‘zaro ijobiy munosabatlarni mustahkamlashda muhim vosita bo‘lib xizmat qilmoqda. Ayniqsa, “Masofaviy elektron deklaratsiyalash” bojxona postida sutkaning 24 soat davomida bojxona rasmiylashtiruvlari amalga oshirilayotgani eksport qiluvchi korxonalarning kunning xohlagan qismida eksportni amalga oshirishga imkoniyat yaratadi.

“Navoiyuran” davlat korxonasi tomonidan 2022 yil davomida 26 ta partiyada uran oksidi va ammoniy perrenati mahsulotlari bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazilgan va 274 ta fitosanitar sertifikatlar rasmiylashtirilgan.  

– Tadbirkorlikni yanada rivojlantirish, tashqi iqtisodiy faoliyat qatnashchilariga qulayliklar yaratish maqsadida tizimli islohotlar amalga oshirilmoqda, – deydi Navoiy viloyat bojxona boshqarmasi masofaviy elektron deklaratsiyalash bojxona posti inspektori Alisher Baratov. – Mazkur islohotlar zamirida bojxona organlari ham eksport-import operatsiyalarini amalga oshiradigan tashqi iqtisodiy faoliyat qatnashchilari bilan keng hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan. Jumladan, o‘tgan davr mobaynida “Navoiyuran” DK o‘zining eksport-import operatsiyalarini “Tinchlik” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postida amalga oshirib kelayotgan edi. Prezidentimizning tegishli farmoni bilan 2022 yilning 1 mayidan boshlab “Masofaviy elektron deklaratsiyalash” bojxona postlari tashkil etildi. Mazkur bojxona postlarining tashkil etilishidan asosiy maqsad, tadbirkorlik sub’ektlari bilan yuzma-yuz ko‘rishishning oldini olish va shaffof tizimni yaratishdan iborat.  

Ma’lumot uchun, korxona tomonidan o‘tgan 2022 yil yakunlari bilan mahsulotlar eksporti 118,9 foizga bajarildi va 2021 yilga nisbatan o‘sish sur’ati 110,2 foizni tashkil etdi.

 

Abduvali Bo‘riyev, O‘zA