English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Korxona mahsulotiga talab ortmoqda
17:13 / 2023-08-26

Buxoro viloyati Kogon tumanida faoliyat yuritayotgan “Bukhara Gold Granit” mas’uliyati cheklangan jamiyatida ishlab chiqarilayotgan granit plitkalari yuqori sifati bilan xaridorlarga manzur bo‘lmoqda.

Korxonada tayyorlanayotgan pardozbop granit xomashyosi Peshku tumani Jongeldi cho‘li massividagi konlardan qazib olinmoqda. Loyiha umumiy qiymati 3 million AQSH dollari bo‘lgan mazkur korxonaning yillik ishlab chiqarish quvvati 120 ming kvadrat granit mahsulotlarini tashkil etmoqda. Shuni alohida ta’kidlash joizki, korxonada 60 ish o‘rni yaratilgan bo‘lib, ularning aksari yoshlardir.  

– Kichik biznes sub’ektimiz yirik va ko‘ptarmoqli “Buxoro Agroklaster” ta’sischiligida sho‘’ba korxona sifatida tashkil etilgan, – deydi “BUKHARA GOLD GRANIT” direktorining o‘rinbosari Nodirbek Qilichev. – Uning bino va inshootlari qurilishiga ta’sischi 8,9 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirmoqda. Sexlar esa “O‘zsanoatqurilishbank” viloyat filiali tomonidan 5 yil muddatga ajratilgan 2,2 million AQSH dollariga teng kredit hisobiga Turkiyaning zamonaviy, tejamkor va yuqori texnologiyalari bilan jihozlandi. Muhimi, so‘nggi avlod texnologik uskunalarida tayyorlanayotgan mahsulotlarimiz raqobatbardoshliligi bilan ajralib turadi.  

Korxonada uch xil turdagi qoramtir, ko‘kimtir va sarg‘ish tusli granit toshlar ishlab chiqarilmoqda. Bu mahsulotlar, asosan, ijtimoiy muassasalar, mehmonxona, vokzal hamda bekatlar bino-inshootlarining ichkari qismini bezashda qo‘l keladi. So‘nggi ikki oy mobaynida sexlarda umumiy qiymati 13 milliard so‘mlik granit tosh ishlab chiqarilgani, qayta shakl berilgani korxona salohiyatidan darak, albatta. Ayni paytda mahsulotlarga talab yuqori bo‘lib, ularning yarmidan ko‘prog‘i Toshkent shahriga, qolgan qismi viloyat ichki qurilish bozoriga peshma-pesh yetkazilmoqda.  

[gallery-13280]

Sexlarning barqaror ishlashi granit toshlari Peshku tumanidagi Jongeldi massivi bilan birga voha hududi tashqarisidagi G‘ozg‘on konining tegishli karerlaridan qazib olinmoqda. Ishlab chiqarish imkoniyatlariga kelsak, “BUKHARA GOLD GRANIT” yiliga 100 ming kvadrat metr mahsulot ishlab chiqarish salohiyatiga ega. Hozirda bu yerda loyiha quvvatini o‘zlashtirib, mahsuldorlikni oshirish chora-tadbiri ko‘rilmoqda. Ishga solingan imkoniyat esa hozirda 76 foizni tashkil etmoqda. Belgilangan yuqori marraga chiqish esa ishchi-mutaxassislardan zamonaviy texnologiyalarni boshqarish ko‘nikmasi va muayyan malakani taqozo qilyapti. Bu yerda ish olib borayotgan turkiyalik bir guruh tajribali soha xodimlari bilan hamkorlik qilinayotgani albatta, yaqin oylarda o‘z samarasini beradi.  

Ayni paytda “BUKHARA GOLD GRANIT” sexlarida 20 nafar, mas’uliyati cheklangan jamiyatga tegishli karerlarda esa 40 nafardan ziyod ishchi-mutaxassis mehnat qilayotgani mulohaza qilinsa, korxona faoliyati barqaror tashkillashtirilgan. Yaqin oylarda ular sonini  korxona biznes-rejasiga muvofiq marmar va ohaktosh ishlab chiqarish tarmoqlari orqali yana ko‘paytirish maqsad qilingan.  

Korxona mutasaddilarining ta’kidlashicha,  mahsulot eksporti bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda. Qo‘shni mamlakatda savdo uyini ochish ham ko‘zda tutilmoqda.  

Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA