“Qo‘ng‘irot soda zavodi” mas’uliyati cheklangan jamiyati qo‘shma korxonasi rahbariyati hamda kasaba uyushmasi tomonidan ishchi-xodimlarni ijtimoiy muhofaza qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Jami 1700 nafar kishi mehnat qiladigan korxonada xodimlar bayram kunlarida mukofot puli, shuningdek, zarur oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlanib kelinmoqda. Ichki bozorda mahsulotlar narxining oshishi, ishchi-xodimlar istiqomat qiladigan “Elobod” shaharcha fuqarolar yig‘inining Qo‘ng‘irot tumani markazidan 40 kilometr uzoqlikda joylashgani hisobga olinib, investorlar va kuzatuv kengashi tashabbusi bilan korxona xodimlariga un va yog‘ mahsulotlari tarqatildi. Olib kelingan mahsulotlar bozorlardan arzon bo‘lib, xodimlarga yanada yengillik yaratish uchun imtiyozli narxlarda berildi. Bu degani, har bir xodimga berilgan mahsulotlarning 50 foizi oylik maoshdan, qolgani kasaba uyushma tomonidan to‘lab beriladi.
Ishlab chiqarishda mehnat qilayotgan xodimlarning ish sharoitini yaxshilash va ularni sifatli ichimlik suvi bilan taminlash uchun korxona va kasaba uyushmasi hisobidan 30 dona kuler hamda 100 dona suv idishi xarid qilinib, foydalanishga topshirildi.
Dovud Abibullayev, O‘zA