Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Korxona faoliyati vaqtincha to‘xtatildi
12:19 / 2025-10-23

Sirdaryo viloyatining Xovos tumanida sut va sut mahsulotlarini qayta ishlash bilan shug‘ullanuvchi korxona sanitariya va gigiyena talablariga rioya etmagani uchun ish faoliyati vaqtincha to‘xtatildi.

Bu haqda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasining viloyat boshqarmasi ma’lum qildi.

Nazorat tadbiri davomida ishlab chiqarish sexida qator qoidabuzarliklar aniqlandi. Jumladan, sexdagi pol qoplamalari talabga javob bermasligi, ayrim joylarda namlik va suv to‘planishi, sut saqlash uchun mo‘ljallangan idish va cho‘michlar yetarlicha dezinfeksiya qilinmagani qayd etildi. Shuningdek, ishchi xodimlar uchun mo‘ljallangan qo‘l yuvish, kiyim almashtirish va dush xonalari yetarli darajada jihozlanmagani aniqlangan.

Mazkur kamchiliklar bo‘yicha korxona rahbariyatiga tushuntirish berildi. Sanitariya talablari to‘liq ta’minlangunga qadar ishlab chiqarish jarayonlari vaqtincha to‘xtatildi. Maxsus komissiya xulosasiga ko‘ra, barcha kamchiliklar bartaraf etilgandan so‘ng korxona faoliyati qayta yo‘lga qo‘yilishi mumkin.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, sut va sut mahsulotlarini qayta ishlashda sanitariya-gigiyena qoidalariga amal qilish aholi salomatligini muhofaza qilishda hal qiluvchi ahamiyatga ega. Bu talablar buzilganida turli bakteriyalar va infeksiyalar tarqalishi, yuqumli ichak va parazitar kasalliklar kelib chiqishi ehtimoli yuqori bo‘ladi.

SanEpid qo‘mitasi aholini sut mahsulotlarini xarid qilishda ishlab chiqaruvchi va savdo nuqtalarida sanitariya holatiga e’tiborli bo‘lishga, mahsulotning yaroqlilik muddati va saqlash sharoitiga ahamiyat berishga chaqirmoqda.

G‘ulom Primov, O‘zA