Sirdaryo viloyatida havo sifatini yaxshilash va chang miqdorini kamaytirish bo‘yicha amaliy ishlar izchil olib borilmoqda. Viloyat Ekologiya boshqarmasi, DXX, prokuratura, milliy gvardiya va ichki ishlar organlari tomonidan idoralararo hamkorlikda tungi nazorat va reydlar muntazam o‘tkazilishi natijasida bir qator qonunbuzarlik holatlari aniqlanmoqda.
Shu jumladan, Guliston tumani hududida joylashgan “O.F” MCHJ korxonasi faoliyati tekshirildi. Ushbu nazorat vaqtida korxona tomonidan pishgan g‘isht ishlab chiqarish uchun Davlat ekologik ekspertiza xulosasi olinmasdan, shuningdek, chang va gaz tozalash uskunalari o‘rnatilmagan holda faoliyat ko‘rsatilishi aniqlandi.


Ishchi guruh korxona faoliyatini darhol to‘xtatdi. Hozirda tabiatga yetkazilgan zarar hisoblanmoqda va tekshirish natijalari asosida qonunchilikka muvofiq choralar qo‘llanishi rejalashtirilmoqda.


Ekologik nazoratchilarning ta’kidlashicha, bunday holatlar nafaqat atrof-muhitga, balki aholi salomatligiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Shu bois, barcha korxonalar tabiatga zarar yetkazmaslik va ekologik talablarga qat’iy rioya qilishlari zarurligi qayd etilmoqda.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri