Korxona faoliyati tiklandi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 6-iyundagi qarori bilan tasdiqlangan “Yo‘l xaritasi”ga muvofiq, “Jizzax plastmassa” ochiq aksiyadorlik jamiyatida amalga oshirilgan sog‘lomlashtirish tadbirlari tufayli ishlab chiqarishni qayta tiklashda jiddiy o‘zgarishlarga erishildi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 6-iyundagi qarori bilan tasdiqlangan “Yo‘l xaritasi”ga muvofiq, “Jizzax plastmassa” ochiq aksiyadorlik jamiyatida amalga oshirilgan sog‘lomlashtirish tadbirlari tufayli ishlab chiqarishni qayta tiklashda jiddiy o‘zgarishlarga erishildi. Korxonada joriy yilning birinchi choragida mahsulot ishlab chiqarish o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 5 barobarga o‘sdi.
Ushbu korxona bundan to‘rt-besh yil avval iqtisodiy nochor ahvolga tushib qolgan edi. O‘tgan yili ishlab chiqarish quvvatlaridan foydalanish darajasi 13,4 foizga tushgan korxonaga 3,2 milliard so‘mlik investitsiya kiritilib, sog‘lomlashtirish tadbirlari amalga oshirildi. Mazkur tadbirlar jarayonida korxonaning 1 milliard 132 million so‘mlik qarzlari to‘lanib, qo‘shimcha preslangan g‘isht, turli hajmdagi polietilen quvurlar qismlari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. O‘tgan yili 16 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilib, 451,9 million so‘m foyda olish va ishlab chiqarish quvvatlaridan foydalanishni 33,5 foizga oshirishga erishildi.
– Hukumatimizning “Yo‘l xaritasi”da belgilab berilgan moliyaviy-iqtisodiy sog‘lomlashtirish tadbirlari davom ettirilmoqda, – deydi korxona rahbari Elyor To‘raqulov. – Amalga oshirilgan tadbirlar tufayli joriy yilning birinchi choragida 900 million so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi. Shu davrda korxonaning sof foydasi 24,8 million so‘mni, rentabellik darajasi 2,9 foizni tashkil etdi.
Sog‘lomlashtirish dasturi doirasida korxona o‘z mablag‘i hisobidan shu yilning mart oyida yana bir loyihani amalga oshirdi. Turli diametrli polietilen quvurlarni bog‘lovchi fitinglar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.
Korxona mahsulot ishlab chiqarishni ko‘paytirish bilan birga, ichki imkoniyatlardan foydalanib, qo‘shimcha daromad olish yo‘llarini ham topmoqda. Jumladan, optimizatsiya qilingan 4 gektarga yaqin maydondan samarali foydalanish maqsadida kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlariga qonunda belgilangan tartibda uzoq muddatga ijaraga berildi. Ayni paytda bu hududda tadbirkorlar xizmat ko‘rsatish, sanoat, iste’mol mollari ishlab chiqarish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash kabi boshqa yo‘nalishlarda o‘ndan ortiq loyihani amalga oshirish bo‘yicha qurilish ishlarini olib bormoqda.
Korxonaning polietilen mahsulotlariga iqtisodiyotning turli sohalari, ayniqsa, suv xo‘jaligi, maishiy xizmat, kommunal qurilish tarmoqlarida talab ortib bormoqda.
Prezidentimizning 2010-yil 15-dekabrdagi “2011-2015-yillarda O‘zbekiston Respublikasi sanoatini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari to‘g‘risida”gi qarori asosida “Jizzax plastmassa” ochiq aksiyadorlik jamiyatida xalq iste’moli mollari, galantereya, bolalar o‘yinchoqlari ishlab chiqarishni ko‘paytirish” loyihasi amalga oshirilishi tufayli xalq iste’moli buyumlari ishlab chiqarish hajmi va turi ko‘paytirildi.
Hozirgi kunda korxonada uy-ro‘zg‘or buyumlarining yigirmadan ortiq turi ishlab chiqarilayotir. Ayniqsa, plastmassa tog‘ora, chelak, meva-sabzavot saqlaydigan quti va bolalar o‘yinchoqlariga talab katta. Korxonada shu yilning birinchi choragida ishlab chiqarilgan yalpi mahsulotning 10 foizdan ortig‘ini xalq iste’moli tovarlari tashkil etdi.
– Plastmassa buyumlari bozorida raqobat kuchli, – deydi korxona rahbari E.To‘raqulov. – Birgina viloyatimizning o‘zida yirik korxonalardan tashqari o‘ndan ziyod kichik biznes va xususiy tadirkorlik subyektida plastmassa mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda. Shu bois bozor talabini hisobga olgan holda, mahsulot turini yangilash, sifatini yaxshilash ustidagi ishlar izchil davom ettirilmoqda. Jumladan, korxonani kompleks rivojlantirish rejasi asosida yana bir nechta yangi loyiha ustida ish olib borilayotir.
Jizzax viloyatida o‘tgan yili sog‘lomlashtirish dasturi doirasida ishlab chiqilgan “Yo‘l xaritasi”ning amalga oshirilishi natijasida uchta past rentabelli va bitta zarar ko‘rib ishlayotgan korxonaning moliyaviy holati tiklandi. Ularga 8,4 milliard so‘mlik investitsiya kiritildi. Natijada 36,9 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi. Saksondan ortiq yangi ish o‘rni yaratildi.