Korxona faoliyati kengaymoqda
– Seh faoliyatini yo‘lga qo‘yishimizda “Mikrokreditbank”ning viloyat filialidan olingan 48 million so‘mlik imtiyozli kredit qo‘l keldi, – deydi N.To‘layeva.
Prezidentimiz rahnamoligida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilayotgan alohida e’tibor, yaratib berilayotgan imkoniyat va imtiyozlardan unumli foydalanib, o‘zi va oilasi farovonligini ta’minlash bilan birga, el-yurt obodligi, mamlakat ravnaqiga munosib hissa qo‘shayotgan tadbirkorlar safi yil sayin kengayib bormoqda.
Navoiy shahridagi “Farida-Aziz plyus” kichik korxonasi rahbari Nurxon To‘layevani bunga misol qilish mumkin. U yaqinda korxonasi negizida tikuvchilik sexi tashkil etdi.
– Seh faoliyatini yo‘lga qo‘yishimizda “Mikrokreditbank”ning viloyat filialidan olingan 48 million so‘mlik imtiyozli kredit qo‘l keldi, – deydi N.To‘layeva. – Ushbu mablag‘ evaziga eng zamonaviy tikuv mashinalari xarid qildik. Dastgohlar bolalar va o‘smirlar uchun turli futbolkalar, ko‘ylaklar, chaqaloqlarga yo‘rgak jamlamalari tayyorlash sifatini yaxshilash, ichki bozordagi o‘rnimizni yanada mustahkamlash imkonini beradi.
Tikuvchilik sehining ochilishi bilan o‘n nafar xotin-qiz doimiy ish o‘rniga ega bo‘ldi.