Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Korxona faoliyati deputatlar nazoratida
17:29 / 2021-03-31

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-Demokratik partiyasi Buxoro viloyati kengashi tomonidan «Yevrosnar» mas’uliyati cheklangan jamiyatining faoliyati o‘rganildi.

Jamiyat 2003 yil 2 oktyabrda qo‘shma korxona sifatida tashkil etilgan. 2010 yilda mas’uliyati cheklangan jamiyatiga aylantirilgan. Asosiy faoliyat turi o‘simlik yog‘i va chorva mollari uchun shrot va sheluxa mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan.

– Korxonada bir kecha-kunduzda o‘rtacha 200-250 tonna texnik chigit xom ashyosi qayta ishlanadi, – deydi O‘zbekiston Liberal-Demokratik partiyasidan saylangan deputat, «Yevrosnar» mas’uliyati cheklangan jamiyati direktori Halim Safarov. 

– Korxonaning umumiy yer maydoni 5 gektarni tashkil etadi. Yiliga 55,7 ming tonna chigitni qayta ishlash quvvatiga ega. Jamiyatda bugungi kunda 210 nafar xodim mehnat qilmoqda. Shundan oliy ma’lumotlilar 36 nafar, o‘rta-maxsus ma’lumotlilar 74 nafar, o‘rta ma’lumotlilar 100 nafar. Xodimlar umumiy sonining deyarli 40 foizini yoshlar, 30 foizini ayollar tashkil etadi. Ishlab chiqarish jarayoni bir kecha-kunduz davomida uzluksiz bo‘lib, ish 2 smenada tashkil etilgan. Ishchi-xodimlarga ishlab chiqarish mavsumi davomida bepul qatiq berib boriladi. Shuningdek, maxsus kiyim bilan ta’minlangan. Har yili ish beruvchi tomonidan chuqurlashtirilgan bepul tibbiy ko‘rik tashkil etiladi.

[gallery-1839]

Korxonaga 2021 yilning o‘tgan davrida tumanda istiqomat qiluvchi «Yoshlar daftari»ga , «Temir daftar» ga kiritilgan 11 nafar xodimni ishga qabul qildi. Ishchi xodimlarga doimiy ravishda bayramlarda bayram sovg‘asi sifatida oziq-ovqat mahsulotlari berib kelinmoqda. Ishchi-xodimlarning o‘rtacha ish haqi 1 million 400 ming so‘mni tashkil etadi. Korxona asosiy ishlab chiqarish, chigit xo‘jaligi, issiqxona xo‘jaligi, rafinatsiya, dezodoratsiya, qozonxona, ta’mirlash-mexanika, ekstraksiya, elektr, yog‘ni qadoqlash, qo‘riqlash, avtotransport va markaziy laboratoriya bo‘limlari hamda sexlaridan iborat.

Korxonada ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish mahsulot sifatini yanada yaxshilash, raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarish, modernizatsiya va rekonstruksiya qilish borasida chora-tadbirlar ishlab chiqilgan. Mazkur chora-tadbirlar bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda. Joriy yilda korxona xodimlarining bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish maqsadida sport maydonchasi qurish rejalashtirilgan. Korxonada Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokartik partiyasining boshlang‘ich tashkiloti ham tuzilgan. Unga 35 nafar xodim a’zo bo‘lgan.

– Deputatlar korxona faoliyatini o‘rganish davomida yuzaga kelayotgan muammolar bilan qiziqishdi, – deydi viloyat Kengashi Biznes tuzilmalari, fermerlar va aholi murojaatlari bilan ishlash bo‘limi mudiri Sanjar Bakayev. – Aniqlangan muammolar joyida hal qilindi. Shuningdek, ba’zi muammolar yuzasidan tegishli tashkilotlarga deputatlik so‘rovlari chiqarilib, ularning yechimi partiya nazoratiga olindi.

O‘rganishlar yakunida partiya g‘oyalariga xayrixoh bir qator ishchi-xodimlarga a’zolik guvohnomalari topshirildi.

 

Zarif Komilov,

Tohir Istatov (surat), O‘zA