So‘nggi yillarda mamlakatimizda oilaviy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, mahallalarda kichik ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishga qaratilgan chora-tadbirlar izchil amalga oshirilmoqda. Bu yo‘nalishdagi davlat siyosati mahalliy darajada ham o‘z samarasini berib, qishloq va shahar aholisi uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochmoqda.
Sirdaryo viloyatining Guliston tumanidagi Mustaqillik mahallasida faoliyat yuritayotgan “Oltin Devor Yog‘dusi” mas’uliyati cheklangan jamiyati bunga yorqin misol. 150 million so‘mlik investitsiya asosida yo‘lga qo‘yilgan ushbu oilaviy biznes a’zolari qisqa vaqt ichida barqaror ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishdi va 6 nafar ishsiz yoshga doimiy ish o‘rni yaratib berishdi.

Korxona tashqi devorlar uchun beton qoplamalar tayyorlashga ixtisoslashgan. Mahsulotlarning mustahkamligi va qulayligi sababli bozorda tezda talabga kirib, o‘z o‘rnini topdi. Hozirda korxona oyiga o‘rtacha 30–40 million so‘mlik daromad ko‘rmoqda.
– Faoliyatimizning boshlanishida qiyinchiliklar bo‘ldi. Ammo tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va o‘z ishimizga bo‘lgan ishonch tufayli ishlab chiqarishni kengaytirishga erishdik. Endi esa yoshlarga ish beryapmiz, mahsulotimizga esa bozorda talab kun sayin ortib bormoqda, – deydi korxona rahbari Maftuna Mirziyoyeva.

Yaqinda tuman hokimligining birinchi o‘rinbosari Adham Yunusxanov ishtirokida jurnalistlar uchun maxsus press-tur tashkil etildi. OAV vakillari ish jarayonlari bilan yaqindan tanishishdi, ishchilar hamda rahbar bilan muloqot qilishdi. Ushbu ochiqlik va samimiy muhit mahalladagi iqtisodiy yuksalishning qay darajada amaliy samara berayotganini yaqqol ko‘rsatdi.
Mutasaddilar ta’kidlashicha, bunday tashabbuslar nafaqat oilaviy biznesning barqaror faoliyatiga, balki mahallalarda iqtisodiy faollikning ortishiga, aholi daromad manbalari kengayishiga xizmat qilmoqda. Hokim yordamchilari va tijorat banklarining ko‘magi esa kichik korxonalarning sanoat sub’ektlariga aylanishi uchun mustahkam zamin yaratmoqda.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri