“O‘zenergoinspeksiya” tomonidan quvvati 50 kilovatt va undan yuqori bo‘lgan iste’molchilarda energiya resurslaridan oqilona foydalanish yuzasidan ko‘rsatmalar berilmoqda. Unga asosan 4 ming 258 ta iste’molchida jami 1 million 73 ming kVa quvvatga ega bo‘lgan reaktiv quvvat kompensatsiya qiluvchi qurilmalar o‘rnatilishi ta’minlandi.
– Iste’molchilarning elektr energiyasi xarajatlari sezilarli darajada tejalishiga va elektr qurilmalari bir me’yorda ishlashiga xizmat qiladi. Ammo ushbu qurilmalardan foydalanishda ayrim tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan kamchiliklarga yo‘l qo‘yilmoqda. Xususan, reaktiv quvvat kompensatsiya qiluvchi qurilmalar o‘rnatish yuzasidan berilgan ko‘rsatmalar ijrosini o‘z vaqtida ta’minlamagan 182 ta iste’molchi elektr tarmog‘idan ajratilib, ularga nisbatan ma’muriy choralar ko‘rildi. Hozir hududlarda bu kabi nazorat tadbirlari davom etmoqda.
Ma’lumot o‘rnida aytish kerakki, reaktiv quvvatni kompensatsiya qilinmasligi natijasida elektr tarmoqlaridan reaktiv quvvat o‘tishi qo‘shimcha yo‘qotishlar paydo bo‘ladi, kuchlanish va chastotaning pasayishiga olib keladi, – dedi “O‘zenergoinspeksiya” matbuot xizmati rahbari Navro‘z Norboboyev.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA