FOTOREPORTAJ
Namangan viloyati Davlatobod tumani hokimi Anvar Tojimirzayev tumandagi ko‘rsatkichi pasaygan korxonalar faoliyati bilan tanishdi. Jarayonda “Mega eco plast” MCHJ korxonasidagi ishlab chiqarish jarayoni, mavjud muammolar va istiqbolli rejalar o‘rganildi.
Korxona 1 gektar maydonda joylashgan bo‘lib, qadoqlash uchun qopqoq mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Tashkilotning yillik ishlab chiqarish quvvati 15 million dona mahsulotni tashkil etadi. Bu pul ifodasida taxminan 5,2 milliard so‘mga teng. Korxonaning asosiy muammosi sifatida elektr energiyasidagi uzilishlar masalasi qayd etildi hamda bu borada tadbirkorga amaliy yordam ko‘rsatish zarurligi ta’kidlandi.
[gallery-26345]
O‘rganish davomida tuman rahbari tikuvchilikka ixtisoslashgan “Dilimir” MCHJ korxonasida bo‘ldi. Bu yerda bir yilda 125 million so‘mlik mahsulot tayyorlash imkoni mavjud. Korxonada qo‘shimcha ishchi kuchiga ehtiyoj borligi e’tiborga olinib, bu borada amaliy yordam ko‘rsatiladigan bo‘ldi.
Keyingi ob’ekt – “Ko'k saroy” MCHJ 1,7 gektar yer maydonida joylashgan bo‘lib, qurilish mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Tashkilot bir yilda 150 ming dona mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega. Bu yerda suv ta’minoti yetishmovchiligi muammoli masalalardan.
Jarayonda to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Soliha brend teks” MCHJ korxonasi faoliyati ham o‘rganildi.
Tuman hokimi mavjud muammolarni hal etish bo‘yicha mutasaddilarga aniq topshiriqlar berdi. Jumladan, ularga mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash, mahsulotlarini ichki va tashqi bozorda sotish imkoniyatlarini kengaytirish hamda marketing tizimini rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar ishlab chiqish vazifasi yuklatildi.
Hotam MAMADALIEV(surat),O‘zA