Prezident Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasida korrupsiya davlat taraqqiyotiga to‘siq bo‘ladigan, adolat va qonun ustuvorligini izdan chiqaradigan, jamiyatda ishonch muhitini zaiflashtiradigan eng jiddiy tahdid ekani qayd etildi.
Davlatimiz rahbarining 2025 yil 30 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi farmoni bu boradagi muhim amaliy qadam bo‘ldi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxonov shu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar haqida gapirib berdi:
– Korrupsiyaga qarshi murosasiz kurashish davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylandi. Murojaatnomada Prezidentimiz “Korrupsiyaga yo‘l qo‘yish esa – islohotlarimizga xiyonatdir. Bu illatga qarshi kurashish bo‘yicha 2026 yilda “favqulodda holat” e’lon qilamiz”, deb alohida ta’kidlagani bu boradagi ishlar yangi, amaliy bosqichga chiqqanini bildiradi.
Murjaatnomadan keyinoq qabul qilingan farmon korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasidagi davlat siyosatini izchil davom ettirishga qaratilgan. Mamlakatimizning xalqaro reyting va indekslardagi pozitsiyasini yanada yaxshilash, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining faoliyatini yangi bosqichga ko‘tarish maqsadlarini ko‘zda tutadi.
Buning natijasida sohadagi 5 ming nafardan ortiq xodim faoliyati uyg‘unlashtiriladi. Vertikal va gorizontal hamkorlik tizimi yaratiladi. Korrupsiyaga qarshi milliy sertifikatlashtirish menejment tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Sohada sun’iy intellektga asoslangan “Xavf-tahlil markazi”, “Raqamli komplayens” platformalari joriy etiladi. Klasterni yaratish orqali barcha idoralar faoliyati yagona ekotizimga birlashadi.
Agentlikka korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida preventiv mexanizmlarni joriy etishga qaratilgan bir qator qo‘shimcha vazifalar yuklatildi. Xususan, davlat organlari va tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi Milliy sertifikatlashtirish menejment tizimi joriy etilmoqda.
Ushbu tizim davlat organlari va tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyatini baholash va sertifikatlash tartibini belgilaydi. Bu orqali sohaga milliy sertifikatlash menejment tizimi joriy etilib, mazkur sertifikat xalqaro ISO 37001 standartining muqobiliga aylanadi.
Milliy sertifikatlashtirish menejment tizimi joriy etilib, har yili o‘rtacha 20 dan ortiq tashkilot milliy sertifikatga ega bo‘ladi. Mazkur sertifikat xalqaro ISO 37001 sertifikatining muqobiliga aylanadi.
“E-qaror” tizimida qabul qilinadigan hujjatlarni e’lon qilishda ochiqlikka oid qonunchilikka rioya etilishini nazorat qilish va ochiqlikni ta’minlash bo‘yicha ta’sirchan choralar qo‘llaniladi.
“E-qaror” tizimiga 2021-2025 yillarda 24 ming 417 hujjat kiritilgan bo‘lib, ularning 37 foizi “yashirilgan”, shundan 21 foizi esa mablag‘ ajratish bilan bog‘liq.
Shu bilan birga, respublika va mahalliy ijroiya hokimiyati organlari tomonidan qabul qilingan hujjatlarni “E-qaror” elektron tizimida asossiz ravishda e’lon qilmaslik – davlat hokimiyati va boshqaruv organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish, deb hisoblanadi hamda tegishli javobgarlikka tortishga asos bo‘ladi.
Bundan tashqari, davlat organlari va tashkilotlarining korrupsiyaviy xavf-xatar darajasi yuqori bo‘lgan vazifa va funksiyalarini raqamlashtirish bo‘yicha minimal talablar ishlab chiqiladi.
Bugungi kunda an’anaviy shaklda ko‘rsatilayotgan 300 dan ortiq xizmatlarni raqamlashtirish bo‘yicha talablar ishlab chiqiladi.
Shuningdek, xalqaro moliya tashkilotlari mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan loyihalarni amalga oshirish jarayonlari raqamlashtirilib, korrupsiya omillarini bartaraf etish choralari ko‘riladi.
Bu orqali o‘tkaziladigan tenderlarda bir yilda 40 tonnadan ortiq qog‘oz iqtisod qilinadi. Xarid uchun sarflanayotgan vaqt esa 4 oydan 1 oygacha kamayadi. Tadbirkorlik sub’ektlari ishtiroki kengayib, boshlang‘ich narx 10-15 foizga arzonlashishiga erishiladi.
Agentlikka Hisob palatasi, Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi tomonidan moliyaviy nazorat va auditni amalga oshirishda davlat xaridlari, manfaatlar to‘qnashuvi, moliyaviy xavf-xatarlar yuzasidan o‘tkazilgan tahlillar va o‘rganish natijalari bilan axborot tizimi orqali tanishish imkoniyati yaratiladi.
Agentlikning buyurtmasiga asosan ilmiy asoslangan yechimlar ishlab chiqiladi, malaka oshirish dasturlari tashkillashtiriladi.
Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmalari tizimdagi korrupsiyaviy huquqbuzarliklar sodir etilishining holati va yo‘nalishlari hamda ularni bartaraf etish bo‘yicha takliflarni har chorakda Agentlikka taqdim etib boradi.
Fuqarolik jamiyati institutlari korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha jamoatchilik nazorati, shu jumladan, jamoatchilik eshituvi hamda monitoringi, jamoatchilik fikrini o‘rganishni amalga oshiradi.
Bundan tashqari, Agentlik huzurida tashkil etilayotgan “Xavf-tahlil markazi”ga vazirlik va idoralarning 30 ga yaqin ma’lumot bazalari integratsiya qilinib, korrupsiyaviy xavf-xatarlarni nazorat qilishga sun’iy intellekt joriy etiladi.
Masalan, soliq.uz bazasi orqali tashkilot ta’sischilari to‘g‘risidagi ma’lumot bilan davlat xaridlarida affillanganlik, “Elektron jinoiy-huquqiy statistikasi” tizimi orqali korrupsiyaga oid jinoyatlar va ularning sabablari, “my.mehnat.uz” bazasi orqali yaqin qarindoshlarning bevosita biri ikkinchisiga bo‘ysunuvida ishlashi aniqlanadi.
Natijada korrupsiyaviy xavf-xatarlarni tahlil qilish an’anaviy usulda (5-6 kun) amalga oshirishdan raqamlashishga o‘tib, bir soat ichida bajariladi. Korrupsiya xavflarini aniqlash va bartaraf etishda barcha tashkilotlar qamrab olinadi. Shuningdek, bugungi kunda tekshirish, monitoring va statistika bilan band bo‘lgan 20 nafar xodim hududga tushib korrupsiya omillarini aniqlash ishlari bilan shug‘ullanishi imkoniyati yaratiladi.
2026 yilda ijtimoiy sohani rivojlantirishga qaratilgan barcha investitsiya loyihalarini amalga oshirishda mablag‘lar sarflanishida ochiqlikni ta’minlash mexanizmi sifatida mahalla va jamoatchilik faollari ishtirokida Tashabbuskor guruhlarni shakllantirish amaliyoti joriy etiladi.
2025 yilda ayrim hududlarda tashkil etilgan mazkur guruhlar faoliyati natijasida “Qishloq infratuzilmasini rivojlantirish” loyihasi bo‘yicha Andijon viloyatida 42 milliard so‘m iqtisod qilingan. Mazkur mablag‘lar viloyatdagi 5 tumanning 33 mahallasiga yo‘naltirildi. Natijada 4 maktab, 3 maktabgacha ta’lim muassasasi, 2 tibbiyot maskani, 90 km elektr energiyasi, 6 km ichki yo‘l, 2 km ichimlik suvi qurish (ta’mirlash) uchun yo‘naltirildi.
Bundan tashqari, korrupsiyaviy huquqbuzarliklar haqida xabar bergan shaxslarni mehnat qonunchiligining buzilishi, shu jumladan, mehnat faoliyatida ta’qib, tazyiq holatlaridan himoya qilish maqsadida Agentlik tomonidan himoya orderi taqdim etish amaliyoti joriy qilinmoqda. Rag‘batlantirishning real mexanizmlari yo‘lga qo‘yilayotir. Natijada korrupsiya haqida xabar beruvchilar soni 50 foizga ortishi kutilmoqda.
Korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashishga munosib hissa qo‘shgan davlat organlari va tashkilotlari xodimlari, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari hamda faol fuqarolarni rag‘batlantirish maqsadida “Korrupsiyaga qarshi kurashishga qo‘shgan hissasi uchun” ko‘krak nishoni ta’sis etiladi.
Agentlik har yili 9 dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni arafasida “Korrupsiyaga qarshi kurashishga qo‘shgan hissasi uchun” ko‘krak nishoni bilan taqdirlashni yo‘lga qo‘yadi.
Bularning barchasi korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligi oshishiga, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz muhit mustahkam qaror topishiga zamin yaratadi.
Norgul Abduraimova,
O‘zA