Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Korrupsiyaviy omillar va ularni bartaraf etish usullari o‘rganilmoqda
15:20 / 2022-06-29

Ma’lumki, Prezident tanqididan so‘ng, hokim yordamchilari uchun halollik va korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha maxsus kurslar tashkil etildi.

Seminarlarda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha normativ-huquqiy hujjatlar, korrupsiyaning oldini olish mexanizmlari va boshqalar tahlil qilinmoqda.  

Xususan, Jizzax viloyati mahallalarida faoliyat yuritayotgan hokim yordamchilari uchun “O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashishning ustuvor yo‘nalishlari, davlat xizmatchilarida korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni va unga qarshi kurashish bo‘yicha ijobiy xulqni shakllantirish” mavzusida seminar tashkil etildi.

Seminarda O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining mas’ul xodimlari B. Rahmonov, A.Ergashev, Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi mas’ul xodimi  Umid Abdullayev, Jizzax shahar hokimi K.Xolmurodov, Agentlikning Jizzax viloyati xududiy boshqarmasi boshlig‘i  S.Mirzakabilov barcha tumanlardagi mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish markazlari xodimlari, mahalallarida ishlayotgan barcha hokim yordamchilari ishtirok etdi.  

Qayd etilishicha, tuman (shahar) hokimlarining mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha yordamchilari orasida korrupsiyaviy holatlarning sodir etilayotganligi yuzasidan  turli e’tirozlar yuzaga kelgan.  

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida joriy yilning 19 aprel kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ham joylardagi ayrim hokim yordamchilari kredit, subsidiya, yer ajratish masalasida ta’magirlik qilayotgani tanqid qilingan.  Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan o‘tkazilgan tahlillarga ko‘ra, 2022 yilning yanvar-may oylarida hokim yordamchilari tomonidan 14 ta jinoyat sodir etilgan. Mazkur jinoyatlarning asosiy qismini poraxo‘rlik, mansabdorlik va firibgarlik jinoyatlari tashkil etgan.  

“O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashishning ustuvor yo‘nalishlari, davlat xizmatchilarida korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni va unga qarshi kurashish bo‘yicha ijobiy xulqni shakllantirish” mavzusida seminar Sirdaryo viloyati mahallalarida faoliyat yuritayotgan hokim yordamchilari uchun ham tashkil etildi.

Mazkur seminarda O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining mas’ul xodimlari B. Raxmonov, A.Ergashev, Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi mas’ul xodimi  Umid Abdullayev, viloyat xokimining birinchi o‘rinbosari  A.Karimov, Agentlikning Sirdaryo viloyati xududiy boshqarmasi boshlig‘i  I.Tojiboyev hamda barcha tumanlardagi mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish markazlari xodimlari, mahallalarda ishlayotgan barcha hokim yordamchilari ishtirok etdi.  

Seminar mashg‘ulotlarida O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashishning ustuvor yo‘nalishlari hamda korrupsiyaning oldini olishning zamonaviy mexanizmlarini joriy etish masalalari yuzasidan batafsil ma’lumot berildi.

Xususan, korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar, korrrupsiyaning oldini olish borasida joriy etilayotgan yangi mexanizmlar, korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari faoliyati, davlat xizmatchilarining mol-mulki va daromadlarini deklaratsiyalash tizimini joriy etish, manfaatlar to‘qnashuvini samarali boshqarish yo‘nalishlarida amalga oshirilayotgan ishlarga e’tibor qaratilmoqda.   

Shuningdek, korrupsiya bilan bog‘liq huquqbuzarliklar va ular uchun belgilangan javobgarlik masalalari hamda hokim yordamchilari tomonidan sodir etilgan korrupsiyaviy huquqbuzarliklar tahlil qilinmoqda. Bu borada hokim yordamchilari faoliyatida korrupsiyaviy omillarni vujudga kelish sabablari hamda shart-sharoitlari,  ularni  bartaraf etish usullariga alohida urg‘u berilmoqda.

Seminarlar joriy yilning 1 iyul sanasiga qadar mamlakatimizning barcha hududlarida bo‘lib o‘tadi.  Seminarlar yakuni bo‘yicha hokim yordamchilari faoliyatida yo‘l qo‘yilayotgan poraxo‘rlik, mansabdorlik, firibgarlik va boshqa korrrupsion holatlarni keltirib chiqaruvchi omillar, ularning yechimi atroflicha tahlil qilinadi. Bu borada hokim yordamchilarining  ham fikr-mulohaza va takliflari umumlashtirilib, tegishli tashkilotlarga ko‘rib chiqish uchun taqdim etiladi.  

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA