Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Korrupsiyaviy holatlar keng jamoatchilik muhokamasida bo‘lsa, bu illatga qarshi murosasizlik muhiti shakllanadi
10:58 / 2025-10-24

Poytaxtimizda o‘tkazilgan V Aksilkorrupsiya haftaligi doirasida Toshkent aksilkorrupsiya forumi tashkil etildi.

Nufuzli xalqaro tadbirda Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi Abdulhakim Eshmurodov O‘zA muxbiriga o‘z fikrlarini bildirdi:  

– Global muammoga aylanib ulgurgan korrupsiyaga qarshi kurashish – jahon hamjamiyatini tashvishga solib kelmoqda. Shuning uchun bu borada birgalikdagi amaliy sa’y-harakatlarni amalga oshirish zarurati mavjud.  

O‘zbekistonda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning siyosiy irodasi bilan olib borilayotgan ortga qaytmas aksilkorrupsiyaviy islohotlar natijasida bir qator muhim amaliy va institutsional chora-tadbirlar amalga oshirildi. Yangilanish va ochiqlik siyosatining uzviy davomi sifatida korrupsiyaga qarshi kurashishning zamonaviy, xalqaro standartlar va mezonlarga mos huquqiy asoslari yaratildi.  

Xususan, korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha parlament palatalarida alohida mas’ul qo‘mitalar tashkil etildi. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi hamda jamoatchilik asosida Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha milliy kengash faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan bir qator preventiv mexanizmlar amaliyotga keng joriy etildi. Ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyati ochiqligini ta’minlash, inson omilini kamaytirish maqsadida davlat xizmatlarini ko‘rsatish elektron shaklga o‘tkazildi. Davlat idoralarida ichki komplayens nazorat va samaradorlikni baholash reyting tizimlari yo‘lga qo‘yildi. Davlat xaridlari to‘liq raqamlashtirildi.

Jamiyatimizda sodir bo‘layotgan korrupsiyaviy holatlar, ularni keltirib chiqarayotgan omillar keng jamoatchilik muhokamasiga olib chiqilmoqda va shunday bo‘lishi ham kerak. Chunki, bu korrupsiyaga nisbatan murosasizlik muhiti shakllanishida muhim o‘rin tutadi. Bu borada OAV, jumladan, ijtimoiy tarmoqlarning faolligini alohida ta’kidlash kerak.  

Xabaringiz bor, joriy yilning 5 mart kuni o‘tkazilgan milliy kengash yig‘ilishda davlatimiz rahbari korrupsiyaga qarshi kurashishni yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha bir qator muhim vazifalarni belgilab berdi.

Ushbu vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida har oyda bitta hududga chiqib, o‘rganishlar natijasini korrupsiyaviy holatlar eng ko‘p kuzatilayotgan tuman va shaharlarda muhokamalar o‘tkazish yo‘lga qo‘yildi.  

Hozirgacha respublikaning yettita hududida milliy kengashning sayyor majlislari o‘tkazilib, korrupsiyaviy holatlar tanqidiy muhokama qilindi. Har bir hududdan bittadan tuman tanlanib, korrupsiyadan xoli namunaviy tumanga aylantirish bo‘yicha loyihalar amalga oshirilmoqda.  

Ushbu tumanlarda amaliyotga tatbiq etilayotgan ilg‘or tajribalar, samarali mexanizmlarni kelgusida barcha hududlarda  ommalashtirish rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, aholi ko‘p e’tiroz bildirayotgan ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalarida korrupsiyaviy holatlar chuqur  o‘rganilib, aniqlangan holatlarni bartaraf etish choralari ko‘rilmoqda. Bu o‘rinda nafaqat chora ko‘rish, balki bunday holatlarga sabab bo‘layotgan omillarni aniqlash va bartaraf etish bo‘yicha amaliy takliflar ishlab chiqilmoqda.

Albatta, sohada amalga oshirilayotgan islohotlarning amaliy natijalari xalqaro miqyosda ham alohida e’tirof etilmoqda. Buni bir qator xalqaro reyting va indekslarda O‘zbekistonning o‘rni yaxshilanayotganida ham ko‘rish mumkin. Misol sifatida, so‘nggi 7 yildagi natijalarni o‘zaro qiyoslasak, Transparency International tashkilotining Korrupsiyani qabul qilish indeksida O‘zbekiston o‘rni 37 pog‘onaga yaxshilandi (2018 yilda – 158-o‘rin, 2025 yilda 121-o‘rin).

Ochiqlik bo‘yicha xalqaro reytinglarda O‘zbekistonning o‘rni 138 pog‘onaga yaxshilanib, Markaziy Osiyoda birinchi, dunyoda 11-o‘ringa ko‘tarilgani, albatta, bu borada amalga oshirilgan islohotlar natijasi, deb aytish mumkin.

Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotining Istanbul harakatlar rejasi doirasidagi 5-raund hisobotida O‘zbekistonning korrupsiyaga qarshi kurashish siyosati Markaziy Osiyo davlatlari ichida eng yuqori baholandi.

Ayniqsa, ushbu jarayonlarda fuqarolik jamiyati institutlarining roli oshgani, davlat xaridlari va biznesda halollik yo‘nalishlari bo‘yicha ko‘rsatkichlar yaxshilangani alohida ta’kidlandi.  

Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha xalqaro muloqot va o‘zaro tajriba almashish, birgalikda ishlab chiqilayotgan tavsiyalar O‘zbekistonning sohaga doir xalqaro majburiyatlarni amalga oshirishi hamda bu boradagi ishlarni yanada samarali tashkil etishda muhim rol o‘ynamoqda.

Shu o‘rinda O‘zbekiston bu borada mintaqaviy hamda  xalqaro hamkorlikni yanada kengaytirishdan manfaatdor ekani va bu yo‘lda yangi qadamlar tashlayotganini alohida ta’kidlash lozim. Xususan, davlatimiz rahbarining tegishli qaroriga asosan mamlakatimiz joriy yilda MDH Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha davlatlararo kengashiga rasman a’zo bo‘ldi.

O‘zbekiston Osiyo va Tinch okeani mintaqasi uchun Aksilkorrupsiya tashabbusi (ACI) Boshqaruv guruhi qarori bilan tuzilmaga 35-a’zo mamlakat sifatida qabul qilindi.

Xalqaro hamkorlarning safi kengayib borayotgani korrupsiya transmilliy va global tus olayotgan bir paytda unga qarshi kurashish borasidagi sa’y-harakatlarni birlashtirish ishlar samaradorligini yanada oshiradi.    

Toshkent Aksilkorrupsiya forumi xalqaro hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini belgilash, barcha davlatlarda dolzarb bo‘lgan muammolarga oqilona yechim izlash, o‘zaro tajriba almashishda muhim platformalardan biri bo‘lib qoladi.

Norgul Abduraimova,  

Asliddin Alijonov (surat), O‘zA