Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Korrupsiyasiz tibbiyot”
16:44 / 2025-12-09

Navoiy viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi va O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limi hamkorligida 9 dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni munosabati bilan Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Navoiy filialida “Korrupsiyasiz tibbiyot” mavzusida “Ochiq eshiklar kuni” tadbiri o‘tkazildi.

Unda OAV vakillari, jurnalistlar hamda tibbiyot xodimlari ishtirok etdi. 

Tadbir davomida ishtirokchilar sog‘liqni saqlash tizimida korrupsiyaning oldini olish va ochiqlikni ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, jumladan, korrupsion holatlar haqida tezkor xabar berish uchun tashkil etilgan “Ishonch telefoni”, murojaat kanallari va targ‘ibot materiallari bilan tanishtirildi.

Ilmiy markaz filialiga kuniga yuzlab og‘ir ahvoldagi bemorlar murojaat qiladi. Hozirgi kunda markazda 20 dan ortiq mutaxassislik bo‘yicha yuqori malakali tibbiy yordam ko‘rsatilishi, shuningdek, 200 o‘rinli zamonaviy statsionar mavjud. Yiliga besh mingga yaqin amaliyotlar xorijiy tajribalardan kelib chiqqan zamonaviy standartlar asosida amalga oshirilmoqda.

– Davlatimiz rahbari tomonidan tibbiyot sohasiga qaratilayotgan e’tibor natijasida fuqarolarga qulayliklar yaratilib, tibbiy xizmat ko‘rsatish yanada soddalashmoqda. Eng muhimi, respublika darajasida amalga oshiriladigan ko‘plab muolajalar bevosita viloyatning o‘zida amalga oshirilmoqda, – deydi Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Navoiy filiali direktori Bahrom Jalolov. – Bugungi kunda markazni zamonaviy tibbiy texnika vositalari bilan jihozlashga alohida e’tibor qaratilgan. Jumladan, 2024 yilda 200 o‘rinli markaz to‘liq ta’mirdan chiqarilgan bo‘lsa, barcha bo‘limlarga yangi tibbiy uskuna va jihozlar keltirildi. Bemorlarning yaqinlariga qulayliklar yaratish maqsadida 2 ta kutish zali qurilib, qulay o‘rindiqlar, konditsioner va boshqa zaruriy jihozlar bilan jihozlandi. Navbatlar tartibga keltirildi. Nogironligi bo‘lgan bemorlarning erkin harakatlanishi uchun kirish-chiqish joylari, xona va yo‘laklarda inklyuziv muhit yaratildi. Bundan tashqari, “Toza qo‘llar” shiori ostida murojaat qilgan fuqarolarga sanitariya-gigiyena talablariga asosan ishlar tashkil etilmoqda. Muassasamizda korrupsiyaning oldini olish maqsadida barcha turdagi targ‘ibot vositalaridan foydalanmoqdamiz. “Ishonch telefoni”miz ishlab turibdi. Pullik xizmatni tartibga solish maqsadida Ipoteka bankning kassasi faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Bemorlarga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish maqsadida alohida pullik xizmat bo‘limini tashkil etdik. Filialimizda tibbiy xizmatning samaradorligini oshirish va takomillashtirish, tashxis qo‘yish va davolash tizimini standartlash, yuqori texnologik usullarni joriy etish borasida ham muntazam ishlar amalga oshirilib kelinmoqda. Jumladan, ish yuritishda raqamlashtirish ishlari yakunlanib, PACS (tibbiy tasvirlar milliy bazasi) va IMIS SEMP dasturi orqali ichki integratsiya yaratildi.

Tadbir davomida ishtirokchilar uchun matbuot anjumani tashkil etildi. Unda viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘ining 1-o‘rinbosari Abror Yorqulov ishtirok etdi va tizimda amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi.

Ta’kidlanishicha, bugungi kunda tibbiyot tizimida raqamlashtirishga alohida e’tibor qaratilgan. Xususan, DMED tizimining joriy etilishi va ishga qabul qilish jarayoni “HR ARGOS” dasturi orqali amalga oshirilishi tibbiy xizmatlar sifati va shaffofligini ta’minlash hamda inson omilini kamaytirishda muhim ahamiyatga ega.

[gallery-26641]

Shu bilan birga, elektron retsept-reimbursatsiya tizimi orqali bemorlarga dori-darmonlarni berishda to‘liq ochiqlik ta’minlanmoqda, davlat xaridlari esa Ye-auksion platformasida amalga oshirilmoqda. Ajratilgan mablag‘larning maqsadli sarflanishi bo‘yicha ham barcha zarur choralar ko‘rilmoqda.

Tibbiyot muassasalarida bepul va pullik xizmatlar hamda dori-darmonlar ro‘yxati aks etgan ochiq burchaklarning tashkil etilgani korrupsiya xavfini kamaytirishga xizmat qilmoqda.

Matbuot anjumanida OAV vakillari o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollariga atroflicha javob oldi.

A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat), O‘zA muxbirlari