Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Korrupsiyasiz jamiyat sari: dunyo amaliyoti va ilg‘or tajribalar
12:35 / 2025-05-27

Korrupsiya – bu davlat yoki jamoatchilik manfaatlarini shaxsiy foyda uchun suiste’mol qilish bilan bog‘liq noqonuniy faoliyatdir. U ijtimoiy adolat, iqtisodiy o‘sish va demokratik institutlar rivojiga jiddiy tahdid soladi. Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, har yili dunyoda korrupsiya tufayli yuzlab milliard dollarlar yo‘qotiladi. Shu sababli, poraxo‘rlikka qarshi kurash nafaqat huquqiy, balki siyosiy, iqtisodiy va madaniy masala hamdir.

Xalqaro ekspertlar fikricha, korrupsiyani ilmiy nuqtai nazardan o‘rganishda turli yondashuvlar mavjud.

Institutsional yondashuv: korrupsiya davlat idoralarining samarasizligi va shaffoflikning yetishmasligi natijasida paydo bo‘ladi.

Iqtisodiy yondashuv: korrupsiya iqtisodiy muvozanatning buzilishi, ish haqining pastligi va manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq.

Sotsiologik yondashuv: jamiyatda korrupsiya "norma" sifatida shakllangan bo‘lsa, undan qutulish murakkablashadi.

Qayd etish joiz, ushbu illatning oldini olish va kamaytirish uchun dunyoda turli mamlakatlar o‘z huquqiy, institutsional va ijtimoiy yondashuvlarini amaliyotga joriy etishgan. O‘zbekistonda ham so‘nggi yillarda korrupsiyaga qarshi kurash kuchayib borayotgan bir paytda, xalqaro tajriba bilan tanishish va undan foydalanish alohida ahamiyat kasb etadi.

Singapur: qat’iylik va tizimli islohotlar

Singapur dunyodagi eng kam korrupsiyali davlatlardan biri hisoblanadi. Ular bu natijaga erishishda korrupsiyaga qarshi mustahkam qonunchilik bazasi, ijro hokimiyatining mustaqilligi, yuqori maoshli davlat xizmatchilari, shuningdek, har bir ish uchun javobgarlik va hisobot tizimi hal qiluvchi ahamiyat kasb etgan.

Singapurda korrupsiyaga qarshi kurashuvchi idora mustaqil faoliyat yuritadi va u hatto yuqori lavozimdagi amaldorlarni ham tergov qilish vakolatiga ega.

Shvetsiya va Finlyandiya: ochiqlik va jamoatchilik nazorati

Bu mamlakatlarda korrupsiya darajasi juda past. Ularda ochiq davlat ma’lumotlari portali, ommaviy axborot vositalarining erkinligi, siyosiy tizimda shaffof moliyalashtirish, fuqarolarning faol ishtiroki muhim o‘rin tutadi.

Bu orqali jamoatchilik har qanday davlat sarf-xarajatini nazorat qila oladi.

Gruziya: tezkor islohotlar va raqamli transformatsiya

2003 yildagi "Roza inqilobi"dan so‘ng Gruziyada korrupsiyaga qarshi jiddiy choralar ko‘rildi. Jumladan, butun politsiya tizimi qayta shakllantirildi, davlat xizmatlari raqamlashtirildi, davlat xaridlari ochiq tenderlar orqali amalga oshirila boshladi. Bu orqali jamiyatda ishonch ortdi va xorijiy investitsiyalar ko‘paydi.

AQSH: milliy va xalqaro mexanizmlar

AQSHda korrupsiyaga qarshi kurash uchun Federal qonunlar (Foreign Corrupt Practices Act – FCPA), FBI va Department of Justice (Adliya vazirligi)ning faol ishtiroki, Whistleblower (fosh etuvchi) dasturlari joriy qilingan. 

Bu tizimda fuqarolar korrupsiyani fosh qilgani uchun mukofot ham olishlari mumkin.

Xalqaro tajriba shuni ko‘rsatmoqdaki, korrupsiyaga qarshi samarali kurash uchun quyidagi omillar juda muhim:

1. Mustahkam va mustaqil antikorrupsiya institutlari;

2. Ochiq va shaffof davlat boshqaruvi;

3. Raqamli texnologiyalarni keng joriy etish;

4. Fuqarolarning faol ishtiroki va huquqiy ongini oshirish.

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi davlat idoralarida shaffoflikni ta’minlash, korrupsiya holatlarini fosh etish va fuqarolarning huquqiy ongini oshirish bo‘yicha faoliyat yuritmoqda.

“2023-2024 yillarga mo‘ljallangan Milliy antikorrupsiya strategiyasi” qabul qilindi. Davlat xaridlari, litsenziyalash va imtihon jarayonlari raqamlashtirildi.

Bundan tashqari, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, raqamli texnologiyalarni joriy qilish, ochiq ma’lumotlar bazalarini shakllantirish kabi choralar ham samara bermoqda.

Korrupsiyaga qarshi samarali kurashda faqat davlat organlarining sa’y-harakatlari yetarli emas. Jamiyatda huquqiy madaniyatni oshirish, yoshlar o‘rtasida halollik va adolat tushunchalarini targ‘ib qilish muhim ahamiyatga ega. Har bir fuqaro o‘z haq-huquqini bilishi va unga amal qilgan holda, korrupsiya holatlariga nisbatan murosasiz bo‘lishi kerak.

Umuman olganda, adolatli, shaffof va taraqqiy etgan jamiyat barpo etish uchun har bir fuqaro bu jarayonda faol ishtirok etishi shart, deb o‘ylayman.

Nazokat Bayzakova,

Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudi sudyasi.

O‘zA