Toshkent viloyati Korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy kengashining asosiy vazifa va faoliyat yo‘nalishlari, kelgusida amalga oshirilishi rejalashtirilgan loyihalari yuzasidan matbuot anjumani o‘tkazildi.
Unda kengash a’zolari, viloyat prokuraturasi, huquqni muhofaza qiluvchi organlar vakillari, tegishli boshqarmalar mutaxassislari ishtirok etdi.
– Shu paytgacha birgina yer oldi-sotdi munosabatlarida ko‘plab korrupsiya holatlari uchragan edi, – deydi Toshkent viloyati hokimi Davron Hidoyatov. – Hujjatlarni soxtalashtirish, mas’ullar imzosini o‘zlashtirish kabi qonun buzilishlar bo‘lgan. Lekin davlat hokimiyati idoralari hujjatlari va qarorlarini elektron shaklga o‘tkazilgani, bu jarayonda axborot texnologiyalaridan unumli foydalanilgani jinoyatlarning kamayishiga olib keldi. Korrupsiyaga qarshi kurashishda bundan buyon ham qat’iy va tizimli choralar ko‘ramiz.
Qayd etilganidek, hududda korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish, davlat va jamiyat qurilishining barcha sohalarida korrupsiyaviy omillarga chek qo‘yishga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Asosiy e’tibor viloyatni «korrupsiyasiz hudud»ga aylantirishda belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash, bu kabi jinoyatlarning sabab va sharoitlarini aniqlash, ularni bartaraf etishga qaratilmoqda.
Xususan, o‘tgan davr mobaynida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida huquqiy madaniyatni yanada yuksaltirish, korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish maqsadida viloyat hokimligi, adliya, prokuratura, ichki ishlar hamda boshqa boshqarma, tashkilotlar tomonidan mahallalar, mehnat jamoalari va ta’lim muassasalarida targ‘ibot tadbirlari o‘tkazildi.

Matbuot anjumanida korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘nalishida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar, kengashning oldida turgan dolzarb vazifalar bo‘yicha viloyat prokurori Salom Samadov ma’lumot berdi.
Joriy yilning 9 oyida prokuratura organlari tomonidan korrupsiya holatlari bo‘yicha 269 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, aybdorlarga nisbatan jazo tayinlangan. Javobgarlikka tortilgan mansabdor shaxslarning 32 nafari sog‘liqni saqlash, 20 nafari ichki ishlar, 27 nafari hokimlik, yer resurslari va kadastr xizmati, 12 nafari xalq ta’limi, 20 nafari maktabgacha ta’lim, 46 nafari davlat boshqaruv organlari, 21 nafari davlat ulushi bo‘lgan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar, 208 nafari boshqa tashkilotlar mansabdor shaxslari hisobiga to‘g‘ri keladi.

Tadbirda viloyat sudi raisi Dilshod Tojiboyev odil sudlovni ta’minlash va korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi vazifalar, olib borilayotgan ishlar yuzasidan axborot berdi.
Muloqotda kengash a’zolari tomonidan korrupsiya masalalari bo‘yicha milliy, hududiy va sohaviy ixtisoslashtirilgan tadqiqotlar o‘tkazish, jamoat fikri so‘rovlari va ijtimoiy tadqiqotlarni olib borish borasida bir qator takliflar bildirildi.

A.Musayev, O‘zA