Tadbirkorlarni korrupsiyadan himoya qilish maqsadida “Korrupsiyasiz, halol va oshkora biznes – O‘zbekiston barqaror rivojlanishining asosi” (Toza biznes) milliy dasturi ishga tushiriladi.
Bunda, “O‘zbekiston biznesining korrupsiyaga qarshi kurashish xartiyasi” elektron platformasi ishga tushirilib, uning ishtirokchilari uchun rag‘batlantirish va imtiyozlar tizimi joriy qilinadi.
“Korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha yilning eng yaxshi kompaniyasi” yillik mukofoti joriy qilinadi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish tamoyillariga sodiqligini tasdiqlovchi kompaniyalar o‘zlarining reklama va veb-saytlarida foydalanishlari mumkin bo‘lgan maxsus belgi (compliance mark) yoki sertifikat namunasi yaratiladi.
O‘zbekiston biznes hamjamiyatida halollik forumi muntazam tashkil qilib boriladi.
Xususiy korxonalarda korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tizimini joriy etishni rag‘batlantirish mexanizmlari ishlab chiqiladi.
Xususiy sektorda korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarini tashkil etish bo‘yicha mas’ul organlar – Savdo-sanoat palatasi, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Biznes-ombudsmanning aniq vazifalari belgilanadi.
N.Abduraimova, O‘zA