Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Korrupsiyaning oldini olishning eng maqbul yo‘li raqamlashtirishdir
16:47 / 2025-12-09

“Navoiyuran” davlat korxonasida 9 dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni munosabati bilan “Ochiq eshiklar kuni” tadbiri o‘tkazildi.

Unda korxona komplayens xizmati boshlig‘i Alisher Mustafoyev joriy yilning 11 oyi davomida korxona faoliyatida ochiqlikni ta’minlash, korrupsiyaviy xavf-xatarlarning oldini olish va bartaraf etish, sohada zamonaviy korrupsiyaga qarshi kurashish tizimlarini joriy etish borasida olib borilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi. 

Ta’kidlanganidek, bugungi kunda korxonada komplayens xizmati mustahkam institutsional asosga ega bo‘lib, 2025 yil avvalida uning tuzilmasi qayta ko‘rib chiqildi. Kuzatuv kengashi tomonidan “Komplayens xizmati to‘g‘risida”gi nizomning yangi tahriri tasdiqlandi. Bu orqali xizmatning mustaqilligi ta’minlandi va vakolatlari kengaytirildi. 

– Xodimlarning huquqiy ongini yuksaltirish maqsadida Navoiy viloyat ixtisoslashtirilgan prokuraturasi, iqtisodiy sud, ichki ishlar boshqarmasi va qator qo‘mita va idoralar mutaxassislari ishtirokida o‘quv-seminarlar tashkil etildi, – deydi U.Mustafoyev. – Shuningdek, ISO 37001:2025 “Korrupsiyaga qarshi menejment”, ISO 37301:2021 “Komplayens menejmenti” xalqaro standartlari asosida 15 nafar xodim maxsus o‘quv kurslarini muvaffaqiyatli tugatib, sertifikatga ega bo‘ldi. 880 nafar xodimdan manfaatlar to‘qnashuvi deklaratsiyalari olindi. Tahlil natijalariga ko‘ra, 26 ta holat yuzasidan choralar ko‘rildi va 10 ta holatda manfaatlar to‘qnashuvi bartaraf etildi. Nepotizm holatlarini o‘rganishda 1 nafar xodim bilan mehnat shartnomasi bekor qilindi.

Korxonada 104 ta funksiya tahlil qilinib, 6 ta funksiya bo‘yicha yuqori korrupsiyaviy xavf-xatarga eng ko‘p moyil bo‘lgan lavozimlar ro‘yxati va mavjud xavf-xatarlarni minimallashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi tasdiqlangan. Korxonada sovg‘alar berish va olish, biznes-tadbirlar, homiylik va xayriya bilan bog‘liq barcha jarayonlar maxsus chora-tadbirlar asosida tartibga solib kelinmoqda. Bu jarayon ISO 37001 talablari bilan uyg‘un holda amalga oshirilmoqda.

[gallery-26642]

Bugungi kunda korxonada geologiya va qidiruv sohasida inson omilini kamaytirish, jarayonlarni avtomatlashtirish va raqamlashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu esa korrupsion xavf-xatarlarning oldini olishning eng samarali vositasidir. 

Korxonada qidiruvdan to zaxiralarni hisoblashgacha bo‘lgan barcha bosqichlarda raqamli yechimlar muntazam joriy etilmoqda. Jumladan, “Zafarobod” kon boshqarmasida geofizik ma’lumotlarni tahlil qilish bo‘yicha dispetcherlik markazi tashkil etilayotgan bo‘lsa, “Uchquduq” geotexnologik koni zaxiralari raqamli texnologiyalar asosida qayta baholanyapti. Barcha ruxsat ishlari yagona gov.uz portali orqali amalga oshirilmoqda. Bu nafaqat xilma-xil ma’lumotlar ishlovini tezlashtirdi, balki har bir qarorning hisobdorligi va nazoratchanligini kuchaytirmoqda. 

Tadbir so‘nggida OAV vakillari o‘zlarini qiziqtirgan savollariga atroflicha javob oldi. 

A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat), O‘zA muxbirlari