French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Korrupsiyaning oldini olishda qonuniylik va adolatlilik prinsiplarini ta’minlash muhim masala
17:14 / 2023-06-15

O‘zbekiston Respublikasining “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonuni, shuningdek, davlatimiz rahbarining 2021 yil 6 iyuldagi “Korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyatini samarali tashkil etishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori kabi bir qator hujjatlar ijrosini ta’minlash ayni kun masalasiga aylangan.

Shu talablardan kelib chiqib, bugungi kunda ushbu hujjatlar ijrosini ta’minlash maqsadida davlat idoralari va tashkilotlarida korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar muntazam o‘tkazilmoqda.

“Issiqlik elektr stansiyalari” AJning Muvofiqlik bo‘limi boshlig‘i Bahodir Nishonxo‘jayev mazkur hujjatlar asosida amalga oshirilayotgan ishlar haqida O‘zA muxbiriga intervyu berdi.

– “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ va uning tizim tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi kurashish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda, –dedi B.Nishonxo‘jayev. – Xususan, jamiyatning Muvofiqlik bo‘limi tomonidan joylardagi korxonalarga chiqqan holda seminarlar, mashg‘ulotlar tashkil etilib, unda korrupsiyaning oldini olish va bu borada belgilangan huquqiy me’yorlar haqida tushunchalar berib borilmoqda.

Masalan, yuqorida zikr etilgan qonunning 21-moddasida manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish va uni bartaraf etishga doir chora-tadbirlar qayd etilgan. Unga ko‘ra, davlat organlarining xodimlari mansab yoki xizmat majburiyatlarini bajarish chog‘ida manfaatlar to‘qnashuviga olib keladigan yoki olib kelishi mumkin bo‘lgan shaxsiy manfaatdorlikka yo‘l qo‘ymasligi kerak.

Manfaatlar to‘qnashuvi yuzaga kelgan taqdirda davlat organlarining xodimlari o‘zining bevosita rahbarini darhol xabardor qilishi kerak. Manfaatlar to‘qnashuvi mavjudligi to‘g‘risida ma’lumotlar olgan rahbar bu to‘qnashuvning oldini olish yoki uni bartaraf etish yuzasidan o‘z vaqtida choralar ko‘rishi shart.

Shuningdek, mazkur qonunning 22-moddasiga binoan ma’muriy tartib-taomillar sohasida korrupsiyaning oldini olishga urg‘u beriladi. Bunda qonuniylik va adolatlilik prinsiplarini ta’minlash, ma’muriy-boshqaruv jarayonining beg‘arazligi kafolatlarini yaratish, ushbu jarayonning shaffofligini, tashqi va ichki nazorat uchun ochiqligini oshirish talab etiladi.

Yaqinda To‘raqo‘rg‘on issiqlik elektr stansiyasida o‘tkazilgan korrupsiyaga qarshi kurashishga bag‘ishlangan navbatdagi shunday tadbirda bu kabi huquqiy me’yorlar mohiyatini ochib berishga alohida  urg‘u berildi.

Korxonada korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatda bo‘lish muhitini yaratish, mehnat jamoasida korrupsiyaviy omillarni keskin kamaytirish va butunlay tugatishga ko‘maklashish kabi jihatlarga to‘xtalib o‘tildi.

Shuningdek, davlat xaridlari tizimini yanada shaffof qilish hamda korrupsiya holatlarini keltirib chiqaruvchi omillarni to‘liq bartaraf etish dolzarb masalalardan. Qonunning 23-moddasida ko‘rsatib o‘tilganidek, davlat xaridlarini amalga oshirish tartib-taomillari to‘g‘risidagi axborotning shaffofligi va ochiqligini,  adolatli raqobatni va qarorlar qabul qilish chog‘ida xolisona mezonlardan foydalanilishini ta’minlash, ichki nazoratning samarali tizimini yaratish muhim talablardan hisoblanadi.

Seminar davomida odob-ahloq qoidalariga rioya etilishi va manfaatlar to‘qnashuvining oldi olinishini ta’minlash bo‘yicha mamlakatimiz miqyosida qabul qilingan chora-tadbirlarning bajarilishi orqali korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarga imkon yaratayotgan sabablar va shart-sharoitlarni tag-tomiri bilan yo‘qotish mumkinligi qayd etildi.

Ta’kidlash kerakki, ushbu stansiyada komplayens nazorati tizimi joriy qilingan. Xaridlarni amalga oshirish tartib-qoidalari, ushbu masalaga mas’ul bo‘lgan tarkibiy bo‘linmalar faoliyati aynan korrupsion holatlarni bartaraf etishda muhim rol o‘ynaydi.  

O‘zA muxbiri Nasiba Ziyodullayeva yozib oldi