Korrupsiya jamiyat taraqqiyotiga jiddiy to‘siq bo‘luvchi, aholining davlatga bo‘lgan ishonchini susaytiruvchi xavfli illat sifatida butun dunyoda e’tirof etilgan.
Yurtimizda ham so‘nggi yillarda korrupsiyaga qarshi kurashish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilib, ushbu yo‘nalishda huquqiy asoslar mustahkamlanmoqda, ochiqlik va jamoatchilik nazoratini kuchaytirishga qaratilgan yangi mexanizmlar joriy etilyapti. Ayniqsa, maishiy korrupsiyaning oldini olishda fuqarolik jamiyati institutlarining faol ishtiroki muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Ma’lumki, 2025 yil 5 mart kuni davlatimiz rahbari boshchiligida o‘tkazilgan Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi yig‘ilishida korrupsiyaning oldini olish, avvalo, davlat xizmatiga halol, fidoyi va professional kadrlarni tanlashdan boshlanishi ta’kidlangan edi. Ushbu jarayonda yosh mutaxassislarning ongida “halollik vaksinasi”ni shakllantirish muhim vazifa sifatida belgilangan. Ana shu topshiriqlar ijrosi doirasida Navoiy viloyatida fuqarolik jamiyati institutlari ishtirokida yangi va samarali yondashuvlar ishlab chiqilmoqda.

Jumladan, jamoatchilik fikrini o‘rganish orqali korrupsiyaga qarshi kurashishning samarali modeli sifatida shakllanayotgan “Navoiy tajribasi” bugungi kunda nafaqat hudud, balki respublika miqyosida ham katta qiziqish uyg‘otmoqda. Ushbu tajriba maishiy korrupsiya kelib chiqishiga sabab bo‘layotgan omillarni aniqlash, ularni bartaraf etishga qaratilgan amaliy choralar ishlab chiqishga asoslanadi.

“Navoiy tajribasi”ning shakllanishida “Noila” ijtimoiy ko‘mak, huquqiy targ‘ibot va monitoring markazining faoliyati muhim o‘rin tutadi.
– Ushbu tashabbus jamoatchilik fikrini o‘rganish, aholi bilan bevosita muloqot qilish, ta’lim muassasalarida targ‘ibot ishlarini kuchaytirish va amaliy monitoringni yo‘lga qo‘yishni maqsad qilgan, – deydi markaz rahbari Mansurjon Hamidov. – Markazimiz tashabbusi bilan yoshlar, o‘qituvchi-murabbiylar, jamoatchilik vakillari orasida keng ko‘lamli ijtimoiy so‘rovlar o‘tkazildi. Mazkur so‘rovlar natijasida yoshlarning korrupsiyaga munosabati, maishiy korrupsiya holatlariga nisbatan jamoatchilik qarashlari, ta’lim tizimida halollik tamoyillarini shakllantirishdagi mavjud muammolar atroflicha tahlil etildi. Natijalar asosida korrupsiyaga murosasizlikni shakllantirishga qaratilgan turli yondashuvlar ishlab chiqildi. O‘rta va o‘rta maxsus ta’lim muassasalari uchun “Adolat va halollik darslari” konsepsiyasining ishlab chiqilishi aynan ana shu tahlillar mahsulidir. Mazkur konsepsiya yosh avlod ongida halollik, adolat va qonunga hurmat ruhini qaror toptirishga xizmat qiladi.

Loyiha doirasida viloyat hududlarida o‘nlab targ‘ibot tadbirlari, seminar va ochiq muloqotlar o‘tkazildi. Ularda soha vakillari, yoshlar, aholining turli qatlami ishtirok etdi. Shu bilan birga, maishiy korrupsiya bilan bog‘liq masalalar yuzasidan aholiga bepul huquqiy maslahatlar berildi.
Ayni paytda viloyatda mahalliy davlat organlari huzuridagi Jamoatchilik kengashlari faoliyatini monitoring qilish, murojaat qutisi tizimini takomillashtirish va uni “Adolat va halollik qutisi” sifatida joriy etish ishlari olib borilmoqda. Oliy ta’lim muassasalari, o‘rta maxsus bilim yurtlari va mahallalarda ushbu amaliyotni joriy etish orqali maishiy korrupsiyaga qarshi jamoatchilik nazoratini kuchaytirish maqsad qilingan.

Navoiy viloyatida olib borilayotgan mazkur ishlar xalqaro tashkilotlar tomonidan ham yuqori baholanmoqda. Joriy yil sentyabr oyida Toshkent shahrida BMT Taraqqiyot dasturi, Adliya vazirligi va qator xalqaro tashkilotlar hamkorligida o‘tkazilgan anjumanda “Noila” markaziga bepul yuridik xizmat ko‘rsatishda eng ilg‘or fuqarolik jamiyati instituti maqomi berildi. Shuningdek, Polshaning Varshava shahrida bo‘lib o‘tgan xalqaro konferensiyada mazkur tajriba taqdim etilib, xorijiy ekspertlar tomonidan katta qiziqish bilan qarshi olindi. Bu esa ushbu tashabbusning amaliy ahamiyati va barqarorligini yanada oshirmoqda.
Shu bilan birga, korrupsiyaga qarshi kurashish faqat targ‘ibot bilan cheklanib qolmasdan, ilmiy yondashuvni ham talab etadi. Ayni paytda yosh mutaxassislarda korrupsiyaviy xulq-atvorga nisbatan barqaror axloqiy pozitsiyani shakllantirishga qaratilgan ilmiy tadqiqotlar olib borilmoqda. Ushbu tadqiqotlar natijalari respublika va xalqaro ilmiy nashrlarda chop etilib, amaliyot bilan uyg‘un holda tatbiq etilmoqda.
Navoiy viloyatida shakllanayotgan “Navoiy tajribasi”ning asosiy maqsadi har bir hudud va sohada maishiy korrupsiyaga olib keluvchi omillarni bartaraf etish, jamoatchilik ishtiroki orqali korrupsiyaga nisbatan murosasiz muhit yaratishdan iborat. Mazkur tajribani keng ommalashtirish va boshqa hududlarda joriy etish mamlakatimizda halollik, adolat hamda qonun ustuvorligiga asoslangan jamiyatni barpo etishga xizmat qiladi.
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA muxbiri