Mamlakat taraqqiyoti, davlat boshqaruvining samaradorligi va jamiyat farovonligini ta’minlashda korrupsiyaga qarshi qat’iy va tizimli kurashish eng ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi. Zero, korrupsiya mavjud bo‘lgan har qanday tizimda shaffoflik susayadi, islohotlar mazmun-mohiyatiga putur yetadi, fuqarolar manfaatlari jabr ko‘radi.
Shuning uchun ham bu illatning barvaqt oldini olish, uning kelib chiqish sabablarini tahlil qilish, tahdidlarga qarshi samarali mexanizmlarni ishlab chiqish va malakasi yuqori kadrlar korpusini shakllantirish bugungi kun talabidir.
Ta’kidlash kerakki, korrupsiyaning oldini olishda idoralar o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik muhim o‘rin tutadi. Axborot almashish, sohaviy tajribalarni o‘rganish, xavflarni tahlil qilish va profilaktika chora-tadbirlarini muvofiqlashtirish korrupsiyaviy holatlarni kamaytirishda katta samara beradi. Bu jarayon amaliy tajribalar bilan ta’minlansagina, tizimdagi xavflar o‘z vaqtida aniqlanadi va bartaraf etiladi.
Shu maqsadda poytaxtimizda “Korrupsiyaga qarshi kurashish – taraqqiyot kafolati” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.
Unda “O‘zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyatining korrupsiyaga qarshi kurashish va komplayens xizmati mutaxassislari ham ishtirok etdi. Tadbir ishtirokchilari sohadagi dolzarb masalalar, amaliy yondashuvlar va xalqaro tajribalar asosida shakllantirilayotgan yangi mexanizmlar haqida fikr almashdi.
Muloqot davomida ishlab chiqarish va iqtisodiy sohalarda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan korrupsiyaviy xatarlar, manfaatlar to‘qnashuvi holatlari, ularni bartaraf etishda qo‘llanilayotgan metodlar va komplayens tizimining amaliyotdagi ahamiyati batafsil yoritildi. Mutaxassislar jamiyatda shaffoflikni ta’minlash, raqamlashtirish orqali ortiqcha inson omilini kamaytirish va ichki nazorat jarayonlarini kuchaytirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ham ma’lumot berdi.
“O‘zkimyosanoat” AJ axborot xizmati rahbari Hojiakbar To‘laganovning so‘zlariga ko‘ra, korrupsiyaning jamiyat va davlatga yetkazadigan zarari ko‘p qirrali bo‘lib, ayrim hollarda moddiy yo‘qotishlar bilan cheklanmaydi. Uning oqibatlari sohalarda ishonchning pasayishiga, islohotlar mazmunining zaiflashishiga, iqtisodiy jarayonlardagi barqarorlikka putur yetishiga sabab bo‘ladi. Bunday yo‘qotishlarni qisqa muddatda bartaraf etish esa ko‘p hollarda imkonsizdir.
– So‘nggi yillarda mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi qat’iy choralar ko‘rilmoqda, huquqiy baza takomillashmoqda, nazorat tizimlari yangilanmoqda. Shu bilan birga, tahlillar hanuz ayrim huquqbuzarlik holatlari uchrayotganini ko‘rsatadi. Bu esa sohada faoliyat yuritayotgan mutaxassislardan yuqori darajadagi bilim, amaliyot, huquqiy savodxonlik va mas’uliyatni talab etayotganini anglatadi. Bunday o‘quv mashg‘ulotlari va davra suhbatlari idoralararo hamkorlikni mustahkamlash, mutaxassislar malakasini oshirish, amaliy bilim almashuvini kengaytirish hamda korrupsiyaga qarshi tizimda zamonaviy yondashuvlarni joriy etishga xizmat qiladi. Umuman olganda, bu kabi tashabbuslar mamlakatimizda korrupsiyasiz, shaffof va adolatli jamiyatni barpo etishda muhim qadam sifatida baholanadi, – dedi H.To‘laganov.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA