English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Korrupsiyaning har qanday ko‘rinishiga murosasiz bo‘lish kundalik hayot tarzimizga aylanishi shart
22:22 / 2020-12-29

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning parlamentga Murojaatnomasida ayilgan bu fikrlar ushbu illatga qarshi kurashishning eng muhim tamoyili o‘laroq yangradi.

Bu g‘oyani farzandlarimizga yoshlik davridan boshlab singdirishimiz, ularga faqat halol mehnat va tadbirkorlik orqali daromad topishni o‘rgatishimiz lozim, deb qayd etdi davlatimiz rahbari.  

Aytib o‘tish kerakki, Prezidentning Oliy Majlis timsolida butun xalqimizga qiladigan Murojaatnomasi muhim siyosiy voqelikka aylandi. Har yili Murojaatnomada davlat va jamiyat hayotining eng dolzarb masalalari ko‘tariladi, muammolar ochiq tahlil va tanqid qilinadi. 

Bu safar ham xuddi shunday bo‘ldi. Islohotlar natijasi davlat boshqaruvidagi samaradorlikka uzviy bog‘liq ekanligini ta’kidlar ekan, Shavkat Mirziyoyev korrupsiyaga nisbatan murosasiz bo‘lishga alohida urg‘u berdi. Negaki, korrupsiya bu mansabdor shaxslar tomonidan sodir etiladigan jinoiy qilmishlardan iboratligini nazarda tutsak, uning davlat va jamiyatga yetkazadigan zarari teranroq ko‘rinadi. 

Asosiy qonunimizning 7-moddasida O‘zbekiston Respublikasida davlat hokimiyati davlat hokimiyatining birdan bir manbai – xalq manfaatlarini ko‘zlab amalga oshirilishi mustahkamlangan. Shu sababdan ham har bir davlat organi va tashkiloti faoliyati samaradorligi uning ochiqligi, shaffofligi, korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabati bilan belgilanmoqda. 

bugungi sharoitda OAV hamda ijtimoiy tarmoqlar, blogerlar har qachongidan faol ish olib bormoqda. Globallashuv davrining yuqori sur’ati har qanday salbiy hodisani qisqa fursatda keng miqyosda tarqalishini ta’minlamoqda. Bu esa, ayniqsa, korrupsiya holatini yashirishning imkoni yo‘qligini bildiradi. 

Shu masalaga to‘xtalar ekan, davlatimiz rahbari mazkur illatga qarshi kurashishga barcha davlat organlari, siyosiy partiyalar, jamoat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari, umuman, har bir fuqaro safarbar etilishi zarurligini qayd etdi. Shuningdek, korrupsiyaning oldini olishda barcha davlat organlarida qaror qabul qilish jarayonlari ochiq va shaffof bo‘lishini ta’minlash hal qiluvchi ahamiyatga ega.

E’tiborli jihati shundaki, Murojaatnomada ommaviy axborot vositalari mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli o‘zgarishlarni xolis yoritish bilan birga joylardagi mavjud dolzarb muammolarga davlat idoralari va jamoatchilik e’tiborini qaratib, ularni bartaraf etishga barcha darajadagi rahbarlarni da’vat etib, undab kelayotganini alohida ta’kidlandi. 

Oxirgi paytlarda faol grajdanlik pozitsiyasidagi fuqarolarimiz ochiq e’lon qilinayotgan davlat xaridlariga oid ma’lumotlarni tahlil qilib, korrupsiyaga, manfaatlar to‘qnashuviga oid masalalarga jamoatchilik va mutasaddi tashkilotlar e’tiborini jalb etmoqda. Bu ham jamiyat a’zolari o‘rtasida korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish yo‘lidagi dadil qadamlardan darak beradi.

Ma’lumot o‘rnida aytib o‘tsak: 2020 yil boshidan buyon davlat xaridlarning maxsus axborot portali www.xarid.uz da jami 4 252,7 milliard so‘mlik 753 mingdan ziyod bitim tuzilgan. O‘tgan yilga nisbatan bu yil tuzilgan bitimlarga nisbatan son jihatdan 7,1 foizga, hajmi bo‘yicha 11,9 foizga ko‘p. Bu raqamlar davlat xaridlari sohasidagi korrupsiyaviy holatlarning oldini olish zaruratini tug‘diradi.

Shu sababdan Murojaatnomada korrupsiyaga oid holatlarning barvaqt oldini olish bo‘yicha quyidagi vazifalar alohida qayd etildi:davlat idoralari byudjetdan tashqari jamg‘armalarining daromad va xarajatlari, davlat ulushiga ega bo‘lgan tashkilotlar xaridlari, davlat subsidiya va grantlariga oid ma’lumotlarni ochiq e’lon qilish; hokimlarning qaror qabul qilishida shaffoflikni ta’minlash, mahalliy davlat hokimiyati idoralarining qarorlarini hisobga qo‘yish va e’lon qilish bo‘yicha elektron axborot tizimini joriy etish; ochiq e’lon qilinishi lozim bo‘lgan ma’lumotlar ro‘yxatini kengaytirish; korrupsiyaga qarshi kurashishning samarali vositalaridan biri sifatida kadrlarni tanlash va ishga qabul qilishning ochiq tizimini yo‘lga qo‘yish maqsadida kadrlarning intellektual salohiyatini, ma’naviy fazilatlarini baholaydigan ochiq va oshkora tanlov tizimini joriy etish; korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha davlat xizmatchilarini muntazam o‘qitish va bilimini baholab borish tizimi yo‘lga qo‘yish.

Korrupsiyaga qarshi kurash borasida Murojaatnomada ilgari surilgan vazifalar mamlakatimiz taraqqiyotini yangi bosqichga ko‘tarish, milliy iqtisodiyotni barqaror rivojlantirish, eng muhimi, xalqimizning davlat organlari va mansabdor shaxslar faoliyatidan rozi bo‘lib yashashlariga, ularning farovon turmush kechirishlariga zamin yaratadi.

Ma’rufjon Qurbonov

TDYUU Kriminalistika va sud 

ekspertizasi kafedrasi 

mudiri v.b., PhD.

O‘zA