Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Korrupsiyani cheklash va soliq madaniyati orqali iqtisodiyotda barqarorlikka erishiladi (+video)
14:33 / 2025-08-14

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Shu yo‘nalishda qilinishi zarur bo‘lgan vazifalarga to‘xtaldi.

Senatning Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi a’zosi Jamila Bobonazarova shu haqdagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi:  

– Ma’lumki, yashirin iqtisodiyot – iqtisodiyotning kuzatilmaydigan yoki yashiriladigan, noqonuniy asosga ega tarkibiy qismi bo‘lib, qonunlar, tartiblarni chetlab o‘tgan holda soliqlar va majburiy to‘lovlarni to‘lamasdan, noqonuniy foyda olishga yoki foydani oshirishga yo‘naltirilgan harakatlar majmuasidir. 

Avvallari biznesga yuqori ma’muriy bosim va aralashuv bo‘lgani uchun ko‘pchilik oshkora ishlashdan xavfsirar va  byurokratik to‘siqlar ko‘p uchrar edi. So‘nggi yillarda bu yo‘nalishda sezilarli qadamlar tashlandi: soliq turlari 13 tadan 9 taga qisqartirildi. 100 dan ortiq litsenziya va ruxsatnoma bekor qilindi. Soliq yuki kamaytirildi va ortiqcha rasmiylashtirish jarayonlari bartaraf etildi.

Natijada yashirin iqtisodiyot ulushi 2019 yildagi 45-50 foizdan 35 foizga tushdi. Biroq, bu ko‘rsatkichni yanada pasaytirish zarur.  

Yashirin iqtisodiyotga qarshi eng samarali yo‘l – ilg‘or texnologiyalar asosida yangicha yondashuvlarni joriy etish hisoblanadi.

Bu boradagi ba’zi bir misollarga e’tibor qaratsak, Toshkentda jamoat transportida to‘lov tizimi to‘liq avtomatlashtirilgandan so‘ng yo‘lovchilar soni aslidagidan 30 foiz ko‘proq ekani aniqlandi.

E’tiborli tomoni  – raqamlashtirilgan bozorlarda tushum 2 -3 barobarga oshgan. Bunday tajribalarni iqtisodiyotning boshqa sohalarida, jumladan, qishloq xo‘jaligi, qurilish, transport, savdo va xizmatlar sohalarida ham joriy etish rejalashtirilmoqda.

Litsenziya va ruxsatnoma berish jarayonlarini qayta ko‘rib chiqish, muddatlarni qisqartirish, inson omilini kamaytirish, barcha bosqichlarni raqamlashtirish – ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilandi.

Bundan tashqari, soliq, bank, bojxona, kommunal xizmatlar va sertifikatlash kabi sohalarda korrupsiyaga yo‘l ochayotgan omillarga chek qo‘yish zarurligi qayd etildi.

Naqdsiz hisob-kitoblarga o‘tish ochiqlik omilini kuchaytiradi. Ya’ni, elektron to‘lovlar va naqdsiz hisob-kitoblar rivoji fuqarolar uchun qulaylik yaratish bilan birga, yashirin iqtisodiyotni qisqartirishda muhim ahamiyatga ega. Shu bois, to‘lov tashkilotlari sonini ko‘paytirish va bunday amaliyotni rag‘batlantirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

E’tiborli tomoni, Davlat rahbari faqat jazo choralari bilan emas, balki aholi va tadbirkorlarda soliq madaniyatini oshirish orqali samaraga erishish mumkinligini alohida ta’kidladi. Haqiqatan, halol mehnat va oshkora biznes pirovard natijada iqtisodiy o‘sish, farovonlik va barqarorlikka xizmat qiladi.

Yashirin iqtisodiyotni qisqartirish – bu faqat raqamlar bilan bog‘liq masala emas, balki davlat va jamiyat o‘rtasidagi ishonch mustahkamligi, iqtisodiy ochiqlik va adolat mezonlarini ta’minlash demakdir. Ilg‘or texnologiyalar, raqamlashtirish, korrupsiyani cheklash va soliq madaniyatini oshirish orqali O‘zbekiston iqtisodiyotida yanada shaffof va barqaror tizimni shakllantirishiga erishiladi.

<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/H770OlKpUFQ" title="Korrupsiyani cheklash va soliq madaniyati orqali  iqtisodiyotda barqarorlikka erishiladi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

N.Abduraimova,

Yo. Meliboyev (video), O‘zA