Andijon viloyati xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Azizbek Mirkomilov tuman va shaharlarda ota-onalar kengashlari raislari bilan uchrashuvlar o‘tkazib, ular bilan bevosita muloqot qilmoqda.
Andijon shahrida ota-onalar kengashi raislari bilan o‘tkazilgan uchrashuvda boshqarma boshlig‘i umumta’lim maktablarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, binolarni ta’mirlash, ta’lim sifatini oshirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotganligini, xususan, viloyatdagi birorta ta’lim muassasasida ota-onalardan turli maqsadlar uchun pul yig‘ishga umuman ehtiyoj yo‘qligini ta’kidladi.

Ochiq muloqot davomida xalq ta’limi tizimi vakillari hamda ota-onalar kengashlari maktablarda korrupsion holatlarga qarshi birgalikda kurashish, mazkur yo‘nalishdagi ishlar samaradorligini oshirish yuzasidan fikrlashildi.
Agar viloyatdagi umumta’lim maktablarida maktab rahbariyati, o‘qituvchilari tomonidan maqsadsiz pul yig‘ish holatlari va boshqa noqonuniy xatti-harakatlar sodir etilsa, bu haqda albatta, ishonch telefoni orqali xabar berish, ana shu kabi salbiy holatlarga qarshi birgalikda kurashish muhimligi qayd etildi.

Shuningdek, uchrashuv davomida ota-onalar kengashlari raislari tomonidan o‘quvchilarga munosib ta’lim-tarbiya berish, o‘qitish sifatini oshirishga doir taklif, fikr va mulohazalar bildirildi.

Viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘ining ota-onalar, ota-onalar kengashlari raislari bilan uchrashuvi barcha tuman va shaharlarda o‘tkaziladi.
F. UBAYDULLAEV,
Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA