Toshkent shahar hokimligida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha nazoratni kuchaytirish, jamoatchilik bilan hamkorlik va shaffoflikni ta’minlash masalalariga bag‘ishlangan o‘quv treningi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi hamda BMT Taraqqiyot dasturi tomonidan, Yevropa Ittifoqining moliyaviy ko‘magida amalga oshirilayotgan "O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi milliy ekotizimni mustahkamlash" qo‘shma loyihasi doirasida tashkil etilgan tadbirda hududiy darajada korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olish bo‘yicha amaliy mexanizmlarni takomillashtirish masalalari muhokama qilindi.
Mahalliy hokimiyat organlarida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash va baholash ko‘nikmalarini oshirish, aholi, jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan ochiq va samarali hamkorlikni rivojlantirish yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi.
Trening dasturi doirasida ishtirokchilar mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatida korrupsiya xavflarini aniqlash bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar, korrupsiyaga qarshi siyosatning milliy institutsional asoslari, normativ-huquqiy hujjatlar hamda ular loyihalarini korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazishga oid keyslar muhokamasida ishtirok etdi. Shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashishda eng samarali amaliy misollar va hamkorlik mexanizmlari tahlil qilindi.
Trening interaktiv formatda, guruhli ishlar, muhokamalar va fikr almashuvlar orqali tashkil etildi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA