Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Korrupsiyaga qarshi qat’iy kurashilsagina islohotlar samara beradi
18:30 / 2021-01-08

Prezidentimizning Oliy Majlisga Murojaatnomasidagi dasturiy ko‘rsatmalar va yo‘nalishlar barchada katta qiziqish uyg‘otmoqda.

Murojaatnoma - mamlakatning tizimli yangilanishiga to‘sqinlik qiladigan muammolarni izchil hal qilish, shu bilan birga, jamiyat va davlat hayotining barcha sohalarini isloh etishdan iborat bo‘lgan dasturiy ko‘rsatmalardir.

Davlatimiz rahbari murojaatnomada korrupsiyaning har qanday ko‘rinishiga murosasiz bo‘lish kundalik hayot tarzimizga aylanishi shartligini qayd etdi. Bu illatga qarshi kurashishga barcha davlat organlari, siyosiy partiyalar, jamoat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari, umuman, har bir fuqaro safarbar etilishi zarur.

Korrupsiya o‘ta og‘ir jinoyat ekani va unga nisbatan murosasiz bo‘lish g‘oyasini farzandlarimizga yoshlik davridan boshlab singdirishimiz, ularga faqat halol mehnat va tadbirkorlik orqali daromad topishni o‘rgatishimiz lozim.

Shuningdek, korrupsiyaning oldini olishda barcha davlat organlarida qaror qabul qilish jarayonlari, ochiq va faqat ochiq bo‘lishini ta’minlash hal qiluvchi ahamiyatga ega. Masalan, fuqarolarimiz joriy yildan boshlab ochiq e’lon qilinayotgan davlat xaridlariga oid ma’lumotlardan foydalanib, o‘rinli masalalarni ko‘tarmoqda. 

Darhaqiqat, islohotlar samarasi ko‘p jihatdan to‘rtta muhim omilga – ya’ni, qonun ustuvorligini ta’minlash, korrupsiyaga qarshi qat’iy kurashish, institutsional salohiyatni yuksaltirish va kuchli demokratik institutlarni shakllantirishga bog‘liq.

Zero, korrupsiya eng og‘ir illat bo‘lib, mamlakat miqiyosida uning keng ildiz otishi har qanday sohani oxir oqibat tanazzulga olib boradi. Korrupsiya illati o‘zining turli ko‘rinishlari bilan jamiyat va davlat taraqqiyotiga g‘ov bo‘ladi.

Davlatimiz rahbari ilgari ham ta’kidlaganidek, bu yovuz baloning oldini olinmasa, haqiqiy ishbilarmonlik va investitsiya muhitini yaratib bo‘lmaydi, umuman, jamiyatning birorta tarmog‘i rivojlanmaydi.

Hozirda yer ajratish, kadastr, qurilish, litsenziya, bojxona, bank, davlat xaridlari kabi sohalarda korrupsiyaga duch kelinmoqda. Bu sohalar manfaatlar to‘qnashuvini o‘zida yaqqol namoyon qiladigan sohalar bo‘lib, korrupsion faoliyat keng ildiz otishi statistik ma’lumotlardan ko‘zga tashlanmoqda.

“Korrupsiya” so‘zi lotincha “corruptum” so‘zidan kelib chiqqan bo‘lib “singan, buzilgan, sotib olingan, pora evaziga og‘dirish” degan ma’nolarni bildiradi. Korrupsiya jinoyatchiligi iqtisodiyotga, mamlakat siyosiy va xalqaro nufuziga hamda jamiyat ma’naviy-axloqiy nufuziga fojiali zarar yetkazadigan xavfli illat hisoblanadi. 

Korrupsiya, deganda, davlat hokimiyatida davlat xizmati imkoniyatlaridan o‘zboshimchalik bilan vakolatlarni suiiste’mol qilgan holda hamda mansab vakolatiga ega bo‘lgan shaxslarning o‘z shaxsiy manfaatlarini ko‘zlab va moddiy naf ko‘rish maqsadida g‘ayriqonuniy hamda g‘araz niyatda fuqarolardan pora olishi, pora evaziga sotilishi hamda jinoiy uyushmalarga madadkor bo‘lgan holda yordam berishida namoyon bo‘ladigan ijtimoiy hodisa tushuniladi.

Davlatimiz rahbari “Biz korrupsiyaning oqibatlari bilan kurashishdan uning barvaqt oldini olishga o‘tishimiz kerak”, deb ham qayd etgan.  

Shu maqsadda Prezident va parlamentga shaxsan hisob beradigan, korrupsiyaga qarshi kurashishga mas’ul bo‘ladigan alohida organ – Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tashkil etildi. 

Endilikda bu tashkilot xorijiy davlatlardagi kabi faol faoliyat yuritishi maqsadga muvofiq.  

Masalan, Singapurda korrupsiyaga qarshi kurash byurosi bo‘lib, u shaxsan bosh vazirga bo‘ysunadi. Shuningdek, Ruminiya davlatida ham moliyaviy va yuridik mustaqil bo‘lgan korrupsiyaga qarshi boshqarmasi mavjud. Jumladan, ushbu boshqarma 2013 yilda 9 nafar vazirni, deputatlar palatasi raisini, 21 nafar deputatni va 6 nafar senator va jinoiy javobgarlikka tortgan.

Aynan mana shunday dadil harakatlardan o‘rnak olsak, korrupsiyaning har qanday ko‘rinishiga qarshi zarba bera olsak, islohotlar samara bera boshlaydi.  

F.Xudoyqulov,

TDYUU Jinoyat huquqi, kriminologiya 

va korrupsiyaga qarshi kurash 

kafedrasi o‘qituvchisi.

O‘zA