9 dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurash kuni munosabati bilan Andijon viloyati Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi bosh boshqarmasi tomonidan “Ochiq eshiklar” kuni tadbiri o‘tkazildi.
Tadbirda ommaviy axborot vositalari, davlat, nodavlat tashkilotlari matbuot xizmatlari xodimlari, mutasaddilar, tadbirkorlar, qurilish, loyihalash tashkilotlari vakillari ishtirok etdi. Unda bugungi kunda korrupsiya nafaqat yurtimizda, balki dunyo miqyosida davlat boshqaruvi samaradorligiga, jamiyat iqtisodiy barqarorligiga, fuqarolarning davlat tizimiga bo‘lgan ishonchiga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan jiddiy muammolardan biri ekanligi ta’kidlanib, ushbu illatga qarshi qat’iy kurash olib borish muhimligi qayd etildi.

Ayni paytda ko‘plab mamlakatlarda, xususan, yurtimizda ham korrupsiyaga qarshi kurashish, uning kelib chiqish omillarini bartaraf etish, fuqarolarda ushbu illatga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, jamiyatda shaffoflikni ta’minlash, jarayonlarni raqamlashtirish va jamoatchilik nazoratini kuchaytirishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotganligi ta’kidlandi.
Ishtirokchilar dastlab boshqarma faoliyati bilan yaqindan tanishdi. So‘ng boshqarma rahbarlari, mutasaddilari ishtirokida muloqot o‘tkazildi. Boshqarma boshlig‘i Fazliddin Alijonov viloyatda qurilish va kommunal xizmatlar sohasida korrupsion xavf-xatarlarni kamaytirish, jarayonlarning shaffofligini ta’minlash, aholiga qulayliklar yaratish, tizimni raqamlashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida keng ma’lumotlar berdi.

– Qurilish va uy-joy kommunal xizmatlari sohasi fuqarolar eng ko‘p murojaat qiladigan, aholining yashash, turmush farovonligi bilan bog‘liq muhim sohalardan biri hisoblanadi, – deydi Andijon viloyati Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi bosh boshqarmasi boshlig‘i Fazliddin Alijonov. – Shu bois, mazkur yo‘nalishda ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, korrupsion holatlarning oldini olish va aholiga qulay xizmat ko‘rsatish muhim ahamiyat kasb etadi.
Shuningdek, tadbirda mutasaddi va mutaxassislar tomonidan soha faoliyatining turli yo‘nalishlarida amalga oshirilayotgan loyihalar, nazorat mexanizmlari bo‘yicha taqdimotlar o‘tkazildi.

Ochiq va konstruktiv ruhda o‘tgan muloqot davomida sohada korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi ishlar sifati va samaradorligini oshirish, targ‘ibot ishlarini kuchaytirish yuzasidan taklif, fikr va mulohazalar bildirildi. Mavzu doirasida ishtirokchilarni qiziqtirgan barcha savollarga mutaxassislar tomonidan batafsil javob qaytarildi.
Yakunida boshqarma tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha jamoatchilik bilan hamkorlikni mustahkamlash, ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasini korrupsiyadan xoli sohaga aylantirish borasida qilinishi lozim bo‘lgan muhim vazifalar belgilab olindi.
F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari