Sirdaryo viloyati Shirin shahridagi energetika texnikumida korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olishga qaratilgan qonunlar mazmun-mohiyati yuzasidan ochiq muloqot tashkil etildi.
Tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Fan, ta’lim, madaniyat, sport va yoshlar masalalari qo‘mitasi a’zosi Zuhra Shodiyeva nutq so‘zlab, korrupsiyaning davlat va jamiyat taraqqiyotiga salbiy ta’sirini qayd etdi. Deputat ta’lim sohasida maishiy korrupsiya holatlarini bartaraf etish, baholash tizimini adolatli tashkil qilish hamda yoshlarda halollik fazilatlarini shakllantirish zarurligini ta’kidladi.


Muloqot davomida o‘qituvchilar va ta’lim muassasasi rahbariyati o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qildi. Shuningdek, muhokamalarda ta’lim jarayonida shaffoflik va hisobdorlikni kuchaytirish, yoshlarda korrupsiyaga qarshi immunitetni mustahkamlash masalalari ko‘tarildi.


Ochiq muloqotda O‘zXDP Sirdaryo viloyat Kengashi raisi Sarvar Sultonov, Shirin shahar hokimining o‘rinbosari Farrux Alimov hamda ta’lim sohasi vakillari ishtirok etishdi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri