Bugun “O‘zbekko‘mir” aksiyadorlik jamiyatida “Ochiq eshiklar kuni” tadbiri o‘tkazildi.
Unda jamiyat rahbariyati va mas’ul xodimlari, davlat organlari va jamoat tashkilotlari vakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlari, talabalar va yoshlar ishtirok etdi. Tadbir davomida tashkilot faoliyati haqida atroflicha ma’lumot berildi.
Bugungi kunda jamiyat tarkibida 12 ta filial mavjud bo‘lib, ularda qariyb olti ming nafar xodim faoliyat yuritadi. Bunday yirik tuzilmada korrupsiyaviy xavf-xatarlarning oldini olish va bu illatga qarshi kurashish muhim vazifa hisoblanadi.
Jamiyatning komplayens-nazorat xizmati inspektori Murodjon Abduraimov tizimda korrupsiyaga qarshi ichki nazoratni mustahkamlash bo‘yicha ko‘rilgan choralar, 2024 yil yakunida yangilangan ichki me’yoriy hujjatlar, filiallarda tashkil etilgan komplayens-nazorat shtatlari va manfaatlar to‘qnashuvi bo‘yicha olib borilgan tahlillar natijalari haqida ma’lumot berdi. Shuningdek, xodimlar tomonidan to‘ldirilgan deklaratsiyalar va ular yuzasidan o‘tkazilgan tahlillar natijalari ham taqdim etildi.
Bugungi kunda tashkilotda korrupsiyaga qarshi kurashish tizimli va izchil yo‘lga qo‘yilgani jamiyatning barcha bo‘linmalarida nazorat va shaffoflik mexanizmlari samarali faoliyat yuritishi bilan ham o‘z aksini topmoqda.
Tadbir yakunida “O‘zbekko‘mir” AJ kelgusida ham ochiqlik, qonuniylik va shaffoflik tamoyillariga tayangan holda jamoatchilik bilan hamkorlikni izchil davom ettirishini ma’lum qildi.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA