Buxoroda Oliy Majlis Senati a’zosi, Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha viloyat hududiy Kengashi a’zolari, viloyat kengashi deputatlari, davlat va nodavlat tashkilotlari rahbarlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida, “Korrupsiyaga qarshi nazorat, jamoatchilik bilan hamkorlik va shaffoflikni ta’minlash” mavzusida trening bo‘lib o‘tdi.
Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati, O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Birlashgan millatlar tashkilotining Taraqqiyot dasturi, Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlikda o‘tkazildi.
Ta’kidlanishicha, Korrupsiyaga qarshi kurashish viloyat hududiy kengashi joriy yilda o‘nga yaqin yig‘ilishlar o‘tkazildi. Unda viloyat boshqarma va tashkilotlari rahbarlarining hisobotlari eshitildi. Shuningdek, viloyatda korrupsiyaning oldini olish, unga qarshi kurashish, maishiy korrupsiyaga barham berish, korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatda bo‘lish muhitini shakllantirish bo‘yicha yo‘l xaritasi ijrosi hududiy Kengash majlislari hamda xalq deputatlari viloyat Kengashi sessiyalarida tanqidiy muhokama qilib borildi.
[gallery-26815]
Viloyatda G‘ijduvon tumanini “Korrupsiyadan xoli hudud”ga hamda ta’lim va sog‘liqni saqlash tizimlarini “Korrupsiyadan xoli soha”ga aylantirish belgilangan bo‘lib, bu borada ham tizimli ishlar amalga oshirildi, kelgusida esa ushbu tajribalar asosida mazkur loyihalarni viloyatning boshqa hududlari va sohalarida ham amalga oshirish rejalashtirilgan.
Ommaviy axborot vositalari orqali huquqni muhofaza qiluvchi organlar, boshqarma va davlat idoralar, shuningdek diniy idoralar vakillari ishtirokida teleko‘rsatuv va davra suhbatlari doimiy ravishda efirga uzatilib, yoritib borilmoqda.
Treningda Birlashgan millatlar tashkilotining Taraqqiyot dasturi loyiha xodimi Muhammadjon Tursunov hamda trener sifatida media ekspert, jurnalist, filologiya fanlar doktori Beruniy Alimov, Toshkent davlat yuridik universitetining katta o‘qituvchisi, yuridik fanlari bo‘yicha falsafa doktoriDilafruz So‘fiyeva korrupsiyaga qarshi nazorat, jamoatchilik bilan hamkorlik va shaffoflikni ta’minlash bo‘yicha taqdimotlar bilan o‘rtoqlashdi.
Trenerlar Korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatda bo‘lish muhitini yaratish, davlat va jamiyat boshqaruvida korrupsiyaviy omillarni keskin kamaytirish va bunda jamoatchilik ishtirokini kengaytirish borasidagi ishlarni yanada jonlashtirish bo‘yicha fikr almashdi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari.