BMT tomonidan 2004 yildan boshlab har yili 9 dekabr — Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni sifatida nishonlanadi.
Davlat xizmatlari agentligi Toshkent viloyati boshqarmasida «Kelajak liderlari klubi» a’zolari ishtirokida «Korrupsiyani oldini olishda Davlat xizmatlari agentligining roli» mavzusida o‘tkazilgan davra suhbati ham mazkur sanaga bag‘ishlandi.
Unda korrupsiya davlat va jamiyat taraqqiyoti uchun eng jiddiy xavf-xatarlardan biri ekani qayd etilib, korrupsiya va boshqa huquqbuzarliklarning oldini olish, unga qarshi murosasiz kurashish, korrupsiyaviy xavflarni aniqlash va tizimli tahlil qilish, ularni keltirib chiqaruvchi omillarni bartaraf qilishga qaratilgan chora-tadbirlar muhokama etildi.
– Davlat xizmatlari agentligi tizimida korrupsiyaga qarshi murosasiz kurash e’lon qilingan, — deydi DXA Toshkent viloyati boshqarmasi boshlig‘i Ilhomjon Abdusattorov. – Davlat xizmatlari agentligining tashkil etilishi ham yurtimizda korrupsiya va uni keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan holatlarning oldini olishga xizmat qilmoqda. So‘nggi yillarda davlat organlari va tashkilotlari faoliyatida ochiqlik ta’minlanayotgani, boshqa tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorlikda ish olib borilayotgani, yagona elektron ma’lumotlar bazasini shakllanayotgani korrupsiyaning kelib chiqish omillarini keskin kamaytirmoqda.
Jumladan, DXA Toshkent viloyati boshqarmasi tizimida ham korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar sodir etilishining oldini olish va unga qarshi kurashish bo‘yicha alohida vazifalar belgilab olingan. Hech kimga sir emaski, korrupsiyaga qarshi kurashish, manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik, bu borada jamoatchilik nazoratini mustahkamlash hamda aholining huquqiy bilimi va madaniyatini yuksaltirish bugun eng asosiy vazifalardan biri.
Qizg‘in bahs-munozaralarga boy tarzda o‘tgan tadbirda Toshkent viloyati «Kelajak liderlari» klubi a’zolari davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasiga oid o‘zlarini qiziqtirgan savollariga batafsil javob oldi.
A.Musayev, O‘zA