So‘nggi yillarda O‘zbekistonda davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarida korrupsiyaning oldini olish hamda unga qarshi samarali kurashish maqsadida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Xususan, davlat organlarida korrupsiya xavf-xatarlarini baholash va halollik standartlarini joriy etish ustuvor vazifalardan biriga aylandi.
Shu yo‘nalishdagi ishlar Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasida ham izchil ravishda yo‘lga qo‘yilgan. Qo‘mitaning axborot xizmati rahbari Bekzod Berdiyev ma’lum qilishicha, ichki idoraviy hujjatlar tubdan qayta ko‘rib chiqilmoqda va zaruratga qarab yangilanib bormoqda.
–Qo‘mita o‘z faoliyatida korrupsiyaga qarshi siyosat, odob-axloq qoidalari, xavf-xatarlarni baholash uslubiyoti, manfaatlar to‘qnashuvini boshqarish mexanizmi, korrupsiya to‘g‘risida xabar berish tartiblari kabi muhim hujjatlar asosida ish olib boryapti. Ta’kidlash kerakki, tashkilot tizimidagi eng xavfli faoliyat sohalari va lavozimlar ro‘yxati shakllantirilgan, xodimlar uchun ichki nazorat qoidalari joriy etilgan. Bundan tashqari, kadrlarni ochiq tanlov asosida ishga qabul qilish amaliyoti Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi talablari asosida joriy qilingan, –dedi B. Berdiyev.
Qo‘mitada korrupsiyaga qarshi samarali komplayens nazorat tizimi tashkil etilgan. Shu maqsadda markaziy apparat tarkibida maxsus bo‘lim tashkil etildi va uning faoliyatini tartibga soluvchi nizom hamda yo‘riqnomalar tasdiqlangan.
Tizimda korrupsiya holatlariga oid xabarlarni qabul qilish uchun maxsus “ishonch telefoni” va komplaens@cirns.uz elektron manzili ishga tushirilgan. Bu orqali anonim shikoyatlar qabul qilinib, belgilangan tartibda, qonunchilikka muvofiq ko‘rib chiqilmoqda.
Qo‘mita Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot Dasturi bilan hamkorlikda ISO 37001:2016 xalqaro standarti asosida ichki nazorat tizimini joriy qilish bo‘yicha tavsiyaviy hujjatlardan foydalanmoqda. 2024 yil va 2025 yilning birinchi choragi davomida tashkilotimiz tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha 18 ta o‘quv seminari tashkil etilgan. Shuningdek, xodimlarning bilim va ko‘nikmalari maxsus test sinovlari orqali baholangan.
Mehnat intizomi va manfaatlar to‘qnashuvi masalalari bo‘yicha ham aniq choralar ko‘rilyapti. “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi qonunning 18-moddasi talablariga muvofiq, 53 nafar mas’ul xodim maxsus deklaratsiya to‘ldirgan. Tahlillar natijasida 1 nafar xodim bilan mehnat shartnomasi bekor qilingan, 1 nafari boshqa lavozimga o‘tkazilgan va 2 nafar xodim intizomiy javobgarlikka tortilgan.
N. Ziyodullayeva, O‘zA