Energetika vazirligida o‘tkazilgan navbatdagi davra suhbati shunday nomlandi.
Unda qayd etilganidek, mamlakat taraqqiyotida shaffoflik va ochiqlik muhim. Korrupsiya esa rivojlanishga to‘sqinlik qiladi. Shu sababli, islohotlar asosida aynan korrupsiyaga qarshi kurashish huquqiy me’yorlar bilan belgilab qo‘yilgan.
O‘zbekiston Respublikasining 2017 yil 3 yanvarda qabul qilingan “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonuni bu borada ishlarni tizimli olib borishda muhim ahamiyatga ega.
Mazkur qonunga ko‘ra, korrupsiya, manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik va mavjud holatlar sodir etilsa, huquqiy baho berilishi belgilab qo‘yilgan.
Bunda qonuniylik, fuqarolar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarining ustuvorligi, ochiqlik va shaffoflik, tizimlilik, davlat va fuqarolik jamiyatining hamkorligi, korrupsiyaning oldini olishga doir chora-tadbirlar ustuvorligi, javobgarlikning muqarrarligi kabilar korrupsiyaga qarshi kurashishning asosiy prinsiplaridir. Dastavval davra suhbatida mavzuning ana shu kabi qonuniy jihatlari haqida ma’lumot berildi.
So‘ngra ishtirokchilarga yoqilg‘i-energetika sohasida korrupsiyaviy jinoyatlar va ularni oldini olish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar xususida so‘z yuritildi va xodimlardan korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatda bo‘lish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralarda faol ishtirok etish bosh vazifalardan biri ekanligi ta’kidlandi.
Yoqilg‘i-energetika resurslaridan noqonuniy foydalanishning jinoyat etib belgilanganligi, bu borada O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslariga tegishli o‘zgartirishlar kiritilganligi, Prezidentimizning topshiriqlariga asosan ushbu tizimni “korrupsiyasiz sohaga” aylantirish bo‘yicha tegishli qaror loyihasi ishlab chiqilganligi, bu borada inson omilini kamaytirish, faoliyatni raqamlashtirish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilayotganligi aytib o‘tildi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA