Samarqand viloyat prokuraturasi tomonidan Korrupsiyaga qarshi kurashish oyligi doirasida ommaviy axborot vositalari xodimlari va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi.
Tadbirda viloyatda korrupsiyaga qarshi kurashish va yashirin iqtisodiyotning oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.
– Shu yilning 5 mart kuni davlatimiz rahbari ishtirokida o‘tkazilgan Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha milliy kengashning yig‘ilishida belgilab berilgan vazifalar, jumladan, bu borada Samarqand tajribasini yaratishga doir topshiriq ijrosini ta’minlash maqsadida viloyatimizda korrupsiyaning oldini olish, unga qarshi kurashish va korrupsiyaga murosasiz munosabatda bo‘lish muhitini shakllantirishga qaratilgan “Yo‘l xarita”si tasdiqlangan, – dedi Samarqand viloyat prokuraturasi bo‘lim boshlig‘i Muharram Hamroyeva. – Shu paytgacha “Yo‘l xarita”da belgilangan 24 ta chora-tadbir 22 tasining ijrosi ta’minlangan, 2 tasining muddati joriy yilning dekabr oyi etib belgilangan. Korrupsiyaviy omillarni tahlil qilib borish uchun doimiy ishlovchi shtab tashkil etilib, 88 ta davlat idorasiga xodimlar biriktirilgan. Barcha idoralarda har oyning 1-5 kunlari korrupsiyaga qarshi kurashish tadbirlarini tashkil etish bo‘yicha algoritm ishlab chiqilib, nazorat tadbirlarini o‘tkazilmoqda. Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha hududiy kengash bilan hamkorlikda har oyda bitta sohada korrupsiyaviy holatlar hamda ularni keltirib chiqarayotgan sabab va omillarini o‘rganish bo‘yicha reja grafik ishlab chiqilgan. O‘rganish natijalari hududiy kengashda muntazam muhokama qilib borilmoqda. O‘tgan davrda soliq, bandlik, qurilish, sog‘liqni saqlash, kadastr, Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmalari hamda ularning quyi tizimlarida o‘rganishlar o‘tkazilib, 274 nafar xodim intizomiy, 20 nafari esa ma’muriy javobgarlikka tortildi, 35 nafari rotatsiya qilingan bo‘lsa, 63 nafari bilan tuzilgan mehnat shartnomalari bekor qilindi.
Singapur, Janubiy Koreya, Finlyandiya, Germaniya, Shvetsiya kabi qator xorijiy davlatlar tajribasi asosida prokuratura, sud, ichki ishlar va adliya idoralari xodimlari viloyatdagi maktablarga biriktirilib, ular tomonidan har dushanba kuni “Kelajak soatlari” negizida 6-11-sinf o‘quvchilariga “Halollik va to‘g‘rilik” mavzusida dars mashg‘ulotlari o‘tilmoqda. Oliy ta’lim muassasalari talabalari, davlat xizmatchilari va komplayens nazorat xodimlari uchun “Korrupsiyaga qarshi kurashish asoslari” nomli o‘quv qo‘llanma tayyorlandi va shu asosda dars mashg‘ulotlari o‘tkazilyapti. Yil boshidan buyon viloyatdagi 6,5 ming nafarga yaqin davlat xizmatchisi “Korrupsiyaga qarshi kurashish virtual akademiyasi”da o‘qib, sertifikat olgan.
– Milliy kengash yig‘ilishida Samarqand viloyati prokuraturasiga berilgan topshiriq asosida korrupsion holatlar ko‘p uchraydigan soha hamda tarmoqlarda raqamlashtirish ishlari olib borildi, – deydi viloyat prokurorining katta yordamchisi Shahzod Haqberdiyev. – Xususan, ko‘p qavatli uylarni boshqarish kompaniyalari uchun “Shaffof uy” dasturi ishlab chiqilib, fuqarolarga to‘lagan mablag‘lari evaziga ko‘rsatilgan xizmatlar va bajarilgan ishlarni kuzatish, ovoz berish, shikoyatlar yuborish va qo‘shimcha xizmatlarga buyurtma qilish imkoni yaratildi. 29 nafar davlat mehnat huquq inspektori faoliyatida korrupsiyaning oldini olish hamda huquqbuzarlikni joyida rasmiylashtirish maqsadida ular planshetlar bilan ta’minlanib, “Ye-ma’muriy ish” dasturiga integratsiya qilindi. Buning natijasida raqamlashtirishga qadar joriy yilning 5 oyida aniqlangan qonunbuzilish holatlari 348 tani tashkil etgan bo‘lsa, iyun-oktyabr oylarida bu raqam 433 taga yetdi va jarimalar miqdori 182 million so‘mga oshdi.
Soliq inspektorlari 423 dona “sayt–termoprinter” uskunasi hamda Samarqand va Oqdaryo tumanlaridagi 46 nafar xodim bodi-kameralar bilan ta’minlanishi tufayli yilning dastlabki 5 oyida jismoniy shaxslarning yer va mol-mulk solig‘i oyiga o‘rtacha 63,5 milliard so‘mdan undirilgan bo‘lsa, raqamlashtirishdan so‘ng iyun oyining o‘zida 75 milliard so‘m, oktyabr oyida esa 126,3 milliard so‘m soliq undirishga erishildi.
Yo‘lovchi tashishda to‘lovlar shaffofligi va ko‘rsatilayotgan xizmatlarni real vaqt rejimida nazorat qilish imkoniyati yaratilib, 550 ta avtobus, 115 ta mikroavtobus va 210 ta “Damas” avtotransport vositalariga GPS o‘rnatilib, “Wialon” dasturiga ulandi, transport boshqarmasida situatsion markaz tashkil etildi. Bu chora-tadbirlar natijasida yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi korxonalar aylanmasi o‘tgan yilga nisbatan 20 milliard so‘mga ko‘paydi.
[gallery-26685]
Qurilishda mualliflik nazorati o‘rnatishga qaratilgan “Muallifnazorat” elektron dasturi ishlab chiqilishi tufayli 244 ta ob’ektda muddatida va sifatli mualliflik nazorati amalga oshirilib, 3,5 milliard so‘mlik sifatsiz
va 4,2 milliard so‘mlik qo‘shib yozish holatlarining oldi olindi hamda kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan 90 ta elektron yozma ko‘rsatma berildi.
Ayni paytda viloyatda yana to‘rtta sohani raqamlashtirish ishlari davom etmoqda. Jumladan, ichimlik suvi, “Ye-mehmon” dasturlarini takomillashtirish, “O‘zenergoinspeksiya” xodimlarini bodikameralar bilan ta’minlash, elektr energiyasi iste’moli bo‘yicha shartnomalarni elektron rasmiylashtirish choralari ko‘rilmoqda.
Matbuot anjumani davomida prokuratura xodimlari ommaviy axborot vositalari xodimlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob berdi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari