Munosabat
Keyingi yillarda jamiyatda amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonida korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatda bo‘lish, davlat va jamiyat boshqaruvida korrupsiyaviy omillarni keskin kamaytirish va bunda jamoatchilik ishtirokini kengaytirishga qaratilgan qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
“O‘zbekiston – 2030” strategiyasining 89-maqsadida ham korrupsiyaviy omillarni bartaraf etish tizimi samaradorligini oshirish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish ishlarini jadal davom ettirish belgilangan.
“Transparency International” xalqaro tashkiloti tomonidan e’lon qilinadigan Korrupsiyani qabul qilish indeksida kamida 50 pog‘onaga ko‘tarilishga erishish belgilangan. O‘tgan olti yil davomida O‘zbekiston ushbu tashkilot indeksida 2017 yilgi 157-o‘rindan 2022 yil yakuniga kelib 31 pog‘ona ko‘tarilib, 126- o‘rinni egallagan.
Shuningdek, Strategiya doirasida davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari talablarini buzish holatlarini ikki barobarga kamaytirishga erishish, davlat xaridlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma tuzish orqali amalga oshirishda mablag‘larni talon-toroj qilish holatlari, tovar va xizmatlarning narxi bozor qiymatidan oshib ketishining oldini olish bo‘yicha jamoatchilik nazoratini to‘laqonli joriy qilish ham nazarda tutilgan.
Kuni kecha qabul qilingan “Korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish hamda davlat organlari va tashkilotlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazorati tizimi samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident farmoni bilan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan maqsad va vazifalar hayotimizga tatbiq etilmoqda.
Xususan, korrupsiyaga qarshi kurashish sohasiga mas’ul bo‘lgan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi vakolatlari kengaytirilmoqda. Endilikda, har chorakda Agentlik davlat organlari va tashkilotlari kesimida sodir etilgan korrupsiyaga oid jinoyatlarni tahlil qiladi va ushbu jinoyatlar ko‘rsatkichi oshgan davlat organlari va tashkilotlariga kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar belgilash uchun Agentlik xodimlari ishtirokida ko‘rib chiqilishi majburiy bo‘lgan taqdimnoma kiritib boradi.
Hujjatga ko‘ra, 2023 yil 1 dekabrdan boshlab ochiq ma’lumotlar sifatida joylashtirilishi kerak bo‘lgan ijtimoiy ahamiyatga molik ma’lumotlar ro‘yxati quyidagilar bilan to‘ldirilmoqda. Xususan:
– hududlar kesimida “Haj” tadbiriga borish uchun navbatda turgan ziyoratchilarning yagona onlayn navbati to‘g‘risidagi (ziyoratga boruvchi shaxsning arizasi navbatga qo‘yilgan sana va ro‘yxatdagi tartib raqami) ma’lumotlar;
– bolalarni davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlariga qabul qilish uchun berilgan arizalar navbati (ro‘yxati) to‘g‘risidagi (ariza navbatga qo‘yilgan sana, ro‘yxatdagi tartib raqami, yosh guruhi hamda tashkilot raqami) ma’lumotlar;
– davlat organlari va tashkilotlarida davlat xaridlarini amalga oshirish tartib-taomillarini belgilovchi xarid komissiyasining ichki idoraviy tartibi (nizom, reglament, yo‘riqnoma yoki boshqa ichki idoraviy hujjat);
– markaziy, hududiy va tizim tashkilotlarida bo‘sh ish o‘rinlari, ishga qabul qilish shartlari, nomzodlarga qo‘yiladigan talablar va taqdim qilinishi lozim bo‘lgan hujjatlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
– davlat organlari va tashkilotlari tomonidan nodavlat notijorat tashkilotlarga taqdim etilgan grant va ijtimoiy buyurtma loyihalari haqidagi ma’lumotlar, shu jumladan, g‘olib bo‘lgan nodavlat notijorat tashkilotlari va ularning buyurtma doirasida bajargan ishlari yuzasidan hisobotlari haqidagi ma’lumotlar shular jumlasidandir.
Albatta, deputat va jamoatchilik faoli sifatida aytishim mumkinki, so‘nggi vaqtlarda fuqarolarni haj ziyoratiga yuborish, ayrim tashkilotlar tomonidan amalga oshirilgan davlat xaridlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarning yopiqligi fuqarolarning haqli e’tirozlariga sabab bo‘lib kelayotgandi. Farmonda belgilangan vazifalar shu va boshqa omillarni bartaraf etishga xizmat qilishi bilan yanada ahamiyatlidir.
Shu bilan birga, endilikda falsafa doktori (PhD) va fan doktori (DSc) ilmiy darajasini olish uchun ilmiy kengash tomonidan o‘tkaziladigan dissertatsiya himoyasi, o‘rta-maxsus va professional ta’lim muassasalarining test sinovlari hamda Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablariga kirish imtihonlari, oliy ta’lim muassasalari bazasidagi harbiy ta’lim fakultetlariga (harbiy kafedra) qabul qilishdagi saralash jarayonlari internet tarmog‘i orqali jonli efirga uzatib boriladi.
Umuman olganda, davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligi va shaffofligini ta’minlashda jamoatchilikning keng ishtirok etishi amalga oshirilayotgan har bir islohotlarga nisbatan fuqarolarning daxldorlik hissi ortishiga xizmat qiladi.
Oltinoy MAMIROVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.
O‘zA