Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi huzuridagi Jamoatchilik kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilish doirasida Agentlik rahbariyati ishtirokida Agentlik va Jamoatchilik kengashining 2025 yildagi faoliyati yakunlari hamda 2026 yilning I yarim yilligiga mo‘ljallangan ustuvor vazifalari muhokama qilindi.
2025 yilda korrupsiyaga qarshi kurashish masalalari ikki marotaba bevosita davlat rahbari ishtirokida muhokama qilinib, kelgusidagi ustuvor vazifalar belgilab berildi. Shu davrda sohada beshta normativ-huquqiy hujjat qabul qilindi.
“Andijon tajribasi” asosida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish, shu jumladan, maishiy korrupsiyaga barham berish hamda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabat muhitini shakllantirishga qaratilgan “yo‘l xarita”lari tasdiqlandi.
[gallery-27522]
– Agentlik direktori va Bosh prokurorning birinchi o‘rinbosari rahbarligidagi Respublika ishchi guruhi tomonidan har hafta bittadan hududda, jami 208 tuman va shahardagi 400 dan ortiq ob’ektda topshiriqlar ijrosi o‘rganilib, mas’ul shaxslarning hisobotlari eshitildi hamda ijrochilarga amaliy ko‘mak ko‘rsatildi, – dedi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi raisi Foziljon Otaxonov. – Davlat rahbarining topshirig‘iga asosan 117 ichki nazorat bo‘linmasi rahbarlari to‘liq yangilandi. Hozirda 197 tashkilotda ichki nazorat bo‘linmalari tashkil etilgan bo‘lib, ularda jami 1 ming 680 nafar xodim faoliyat yuritmoqda.
Xalqaro moliya institutlari mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan 26 investitsiya loyihasi ustidan jamoatchilik nazorati o‘rnatildi. Loyihalarni amalga oshirish davrida mahalliy aholi orasidan 306 tashabbuskor guruh shakllantirildi.
“Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi qonunchilik talablariga rioya etish holatlari yuzasidan o‘tkazilgan o‘rganishlarda aniqlangan qonunbuzilishi holatlari bo‘yicha jami 559 ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi bayonnoma rasmiylashtirilib, tegishli sudlarga yuborildi.
Amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida korrupsiyaga oid jinoyatlar o‘tgan yilga nisbatan 8,6 foizga, ya’ni 2024 yildagi 5 ming 716 tadan 2025 yilda 5 ming 222 taga kamaydi.
Vazirlik va idoralar tomonidan ishlab chiqilgan 342 (327) ta normativ-huquqiy hujjatlar loyihasi korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazildi. Ekspertiza natijalariga ko‘ra 342 (327) loyihaning 65 foizida yoki 221 (233) tasida 499 (676) ta korrupsiyani keltirib chiqaruvchi omillar aniqlanib, ularni bartaraf etish bo‘yicha vazirlik va idoralarga tegishli tavsiyalar yuborildi.
Bugungi kunda 20 ta xalqaro tashkilot va 30 dan ortiq xorijiy davlatning korrupsiyaga qarshi kurashish idoralari bilan hamkorlik qilib kelinmoqda. Qatar davlatining Doha shahrida o‘tkazilgan BMT Korrupsiyaga qarshi konvensiyasi ishtirokchi davlatlarining 11-konferensiyasida 2027 yilda bo‘lib o‘tadigan navbatdagi global konferensiyani O‘zbekistonda o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Jamoatchilik kengashlarining an’anaviy Respublika forumi doirasida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi “Eng faol jamoatchilik kengashi” nominatsiyasi g‘olibi bo‘ldi.
N.Abduraimova, Asliddin Alijonov (surat), O‘zA