Korrupsiya keltiradigan zarar siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlarga hamda mamlakatning xalqaro maydondagi imidji va investitsiyaviy jozibadorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishini ko‘pchiligimiz yaxshi bilamiz.
Shuning uchun mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilangan.
Tahlillarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, huquqiy qonunchilikning takomillashtirilishi, korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha alohida davlat organining tashkil etilishi, vazirlik va idoralar faoliyatining raqamlashtirilishi natijasida so‘nggi 7-8 yilda bu borada muayyan ijobiy natijalarga erishildi.
Xususan, "Transparency International" xalqaro nodavlat tashkiloti tomonidan Korrupsiyani qabul qilish indeksining 2024 yil natijalariga ko‘ra, mamlakatimiz 32 ball to‘plab, 2017 yilgi 157 o‘rindan 121 o‘ringa ko‘tarildi. Qolaversa, korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasida olib borilayotgan ishlar natijadorligini oshirishda ijtimoiy masalalarga oid ochiq ma’lumotlar ko‘lami yanada kengayganligi, ulardan to‘siqlarsiz foydalanish imkoniyatlari yaratilganligi ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Shu bilan birga, ushbu tahdidga qarshi kurashda nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari yanada faol bo‘lishi zarurligini davrning o‘zi taqozo etmoqda. Zero, nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan amalga oshiriladigan strategiyalar, chora-tadbirlar, xalqaro aloqalar jamiyat va davlat rivoji uchun g‘oyatda manfaatli hisoblanadi.
Keyingi paytda yurtimizda nodavlat notijorat tashkilotlarining korrupsiyaga qarshi kurashdagi o‘rni va roli tobora ortib bormoqda. Bu ishlarni samarali amalga oshirish uchun fuqarolik jamiyati institutlari va nodavlat sektorning boshqa vakillari faol jalb qilinmoqda. Bunda jamoatchilik nazoratini kuchaytirishga qaratilgan chora-tadbirlarning amalga oshirilayotgani ham e’tiborga molik.
Joriy yil 5 mart kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashining yig‘ilishida fuqarolik jamiyati institutlarining korrupsiyaning oldini olishdagi roliga alohida e’tibor qaratdi.
Davlatimiz rahbari korrupsiyaga qarshi kurash umummilliy vazifa, har bir vatanparvar yurtdoshimizning vijdon ishi, bu jarayondan hech kim chetda turmasligi kerakligini qayd etdi. Shu bois, korrupsiyaga nisbatan murosasiz bo‘lish uchun yanada ko‘proq sharoit yaratib, bunga keng jamoatchilikni jalb qilishimiz zarurligi, avvalo, nodavlat tashkilotlar faolligini oshirish lozimligi va bu eng to‘g‘ri yo‘l ekanligi ko‘rsatib o‘tildi.
Shuningdek, yig‘ilishda parlament nodavlat tashkilotlari bilan yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yib, ularning imkoniyatlaridan keng foydalanishi maqsadga muvofiq ekani ta’kidlandi. Masalan, Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha konvensiya talablarini monitoring qilishga nodavlat tashkilotlar jalb qilinsa, katta samara berishiga ishonch bildirildi. Ushbu maqsadlar uchun yangi loyihalarni qo‘llab-quvvatlashga har yili 10 milliard so‘mdan ajratib borilishi aytildi.
Shu o‘rinda e’tirof etish kerakki, korrupsiyaning har qanday turiga qarshi kurashishda davlat fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorlikda ish yuritishi maqsadga muvofiq. Buning bir qancha afzal tomonlari bo‘lib, u muayyan ko‘rinish va mexanizmlarda o‘z aksini topgan. Xususan, sohada olib borilayotgan davlat siyosatini monitoring qilib borishda nodavlat notijorat tashkilotlarning ham o‘rni va roli bor. Zero, monitoring yuritish orqali mas’ul rahbarlarda javobgarlik hiscining oshishiga, ularning omma oldida muntazam hisobot berib borishiga erishiladi. Bu esa, o‘z navbatida, davlat organlarining xalqqa hisob berib borish tizimining takomillashishiga, shuningdek, aholining fikrini doimiy eshitib borish orqali korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi islohotlarning samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Aytish mumkinki, korrupsiyaga qarshi kurashishda nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari tomonidan olib borilayotgan ishlar bugun o‘z samarasini bermoqda. Xususan, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish, sog‘liqni saqlash, inson huquqlarini himoya qilish kabi sohalarni tartibga solish borasida ko‘rsatilayotgan tashabbuslar shular jumlasidandir. Bu ishlar ko‘lamini yanada kengaytirish va samaradorligini oshirish mumkin.
Elyor ULUG‘MURODOV,
Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi
Samarqand hududiy bo‘limi rahbari.
O‘zA