French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Korrupsiyaga qarshi kurashishda fuqarolik jamiyati institutlarining o‘rni va roli kuchaytiriladi
11:13 / 2025-09-26

Jamiyatda korrupsiya holatlariga sabab bo‘layotgan omillarni aniqlash, ilmiy jihatdan tadqiq etish, korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasida fuqarolik jamiyati institutlarining ishtiroki juda muhim.

Davlatimiz rahbarining 2025 yil 19 sentyabrdagi  “Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida fuqarolik jamiyati institutlarining ishtirokini yanada kengaytirish va ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori shu yo‘nalishdagi faoliyatni yanada kengaytirishga qaratilgan. 

O‘zA muxbiri qarorda nazarda tutilgan ustuvor vazifalar va uni amalga oshirish chora-tadbirlari haqida O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi raisi, yuridik fanlari doktori, professor Foziljon Otaxonov bilan suhbatlashdi.

– Mazkur qaror BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasi qoidalarini hamda BMT Global kun tartibining Barqaror rivojlanish maqsadlarini izchil amalga oshirish, shuningdek, 2025 yil 5 mart kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha milliy kengashning kengaytirilgan yig‘ilishida belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini ta’minlashga qaratilgani e’tiborga molik.

– Qarorda korrupsiyaga qarshi kurashishda fuqarolik jamiyati institutlari ishtirokini kuchaytirish nazarda tutilgan. Sizningcha, bu nechog‘li ahamiyatli? 

– Fuqarolik jamiyati institutlari – nodavlat notijorat tashkilotlari (NNT), ommaviy axborot vositalari, mahallalar, jamoatchilik kengashlari va fuqarolarning faol qatlami korrupsiyaga qarshi kurashishda davlatning asosiy hamkori. Ularning ishtiroki ochiqlik va shaffoflikni ta’minlaydi, korrupsiya holatlariga jamoatchilik nazoratini kuchaytiradi. 

Prezident qarorida bu yo‘nalishga alohida urg‘u berilishi davlat va jamiyatning birgalikda harakat qilishi, korrupsiyaning faqat huquqni muhofaza qiluvchi organlar emas, balki keng jamoatchilik ishtirokida oldini olishga xizmat qiladi.

– Ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligiga qanday ta’sir ko‘rsatadi?

– Korrupsiyaning sabablari ko‘p qirrali va murakkab. Ilmiy tadqiqotlar esa bu muammoni chuqur tahlil qilish, statistik ma’lumotlar va ijtimoiy so‘rovlar orqali aniq omillarni belgilash imkonini beradi. 

Masalan, qaysi sohalarda korrupsiya xavfi yuqori, uning ijtimoiy, iqtisodiy va psixologik sabablari nima ekanini ilmiy asosda o‘rganmasdan samarali choralar ko‘rish qiyin. 

Qarorda milliy va xorijiy ilmiy muassasalar bilan qo‘shma tadqiqotlar o‘tkazish vazifasi belgilab qo‘yildi. Bu korrupsiyaga qarshi kurashishda ilg‘or xalqaro tajribani olib kirish imkonini yaratadi.

– Korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining natijadorligi va samaradorligini har bir soha va hudud kesimida tahlil qilish tizimi joriy etilishi afzalligi  nimada?

Bu tizim har bir hudud yoki soha bo‘yicha aniq raqamlar va natijalarni taqdim etadi. Masalan, qaysi tuman yoki vazirlikda korrupsiya holatlari kamaygani, qayerda profilaktika choralari samarasiz ekani ma’lum bo‘ladi. 

Shunga asoslanib, davlat organlari aniq choralar ko‘radi, muammoli nuqtalarga resurs va e’tibor yo‘naltiriladi. Bu ilmiy tahlilga asoslangan "aqlli boshqaruv"ni yo‘lga qo‘yadi.

– Ilmiy va amaliy tadqiqotlarda xalqaro grantlarni jalb etish rejasi qay tarzda amalga oshiriladi?

– Qarorda milliy va xalqaro grantlar hisobidan korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha yirik tadqiqotlar o‘tkazish vazifasi qo‘yilgan. 

Buning uchun BMT, YeXHT, Jahon banki kabi xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi. Grantlar orqali moliyalashtirilgan tadqiqotlar mustaqil va xolis natijalarni olishga yordam beradi, zamonaviy metodologiya va xalqaro tajriba olib kiriladi.

– Fuqarolik jamiyati institutlari va OAVning bu jarayondagi o‘rni qanday bo‘ladi?

– Ommaviy axborot vositalari va NNTlar korrupsiya holatlari haqidagi ma’lumotlarni ochiqlashtirish, tahlil qilish va jamoatchilikka yetkazishda muhim ahamiyatga ega. 

Ular davlat organlari bilan hamkorlikda ijtimoiy so‘rovlar o‘tkazadi, aholining korrupsiyaga munosabatini o‘rganadi. To‘plangan ma’lumotlarni tahlil qilib, siyosiy va huquqiy takliflar kiritadi. 

Bu jarayon fuqarolarning davlatga ishonchini oshiradi va ochiqlikni ta’minlaydi.

– Prezident qarorida ilmiy-uslubiy ta’minlash haqida ham aytib o‘tilgan. Buning mohiyati nimada?

– Ilmiy-uslubiy ta’minlash degani, tadqiqotchilar, ekspertlar va olimlar uchun metodologiya, qo‘llanmalar, o‘quv dasturlari va tavsiyalar ishlab chiqishdir. 

Masalan, korrupsiya xavfini baholashning yagona indeksi, ijtimoiy so‘rovlar uchun standart metodika, tahlil algoritmlari tayyorlanadi. Bu tadqiqotlarning sifati va natijalarini bir xil mezonlar asosida baholashga yordam beradi.

– Qarorda BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasi qoidalari bajarilishini monitoring qilishga NNTlarni jalb etish nazarda tutilmoqda. Buning maqsadi va ahamiyati nimada?

– Bu juda muhim tashabbus. Chunki NNTlar mustaqil va xolis baholashni ta’minlaydi. Ular davlat organlariga qarashli bo‘lmagani uchun monitoring jarayonida fuqarolarning fikrini ham inobatga olib, haqqoniy hisobot tayyorlaydi. 

Muqobil baholash tizimi joriy etilishi esa shaffoflikni oshiradi. Davlat organlarining javobgarligini kuchaytiradi va BMT konvensiyasi talablarini bajarishda samaradorlikni ta’minlaydi.

– NNTlar uchun har yili 10 milliard so‘m grantlar ajratilishi aytildi. Bu mablag‘lar qanday manbalardan shakllantiriladi?

– Qarorga ko‘ra, mablag‘lar ikki asosiy manba orqali shakllantiriladi. Birinchisi, Oliy Majlis huzuridagi Fuqarolik jamiyatini qo‘llab-quvvatlash fondining iqtisod qilingan mablag‘lari, ikkinchisi, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan tashkil etiladigan reyting baholash natijalariga ko‘ra, korrupsiyaga qarshi kurashish ishlari «qoniqarsiz» deb topilgan davlat organlari va tashkilotlarining byudjetdan tashqari mablag‘lari.

Bu mablag‘lar ochiq tanlovlar asosida NNTlarning korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha loyihalariga ajratiladi. Tanlov mezonlari esa loyihaning amaliy ahamiyati, innovatsion yondashuvi va jamoatchilik ishtirokini ta’minlash darajasiga qarab baholanadi.

– Agentlik ijtimoiy buyurtma asosida maishiy korrupsiya holatlarini o‘rganish uchun so‘rovlar o‘tkazishi nazarda tutilgan. Bu qanday amalga oshiriladi?

– Bu yerda so‘z keng qamrovli sotsiologik tadqiqotlar haqida ketmoqda. Bunda, aholi qaysi davlat xizmatlarida ortiqcha qog‘ozbozlik yoki noqonuniy talablarga duch kelayotganini aniqlash, odamlarning korrupsiyaga munosabatini o‘rganish rejalashtirilgan. 

Natijalar tahlil qilinib, korrupsiya xavfi yuqori bo‘lgan sohalar bo‘yicha aniq tavsiyalar ishlab chiqiladi. Bu davlat xizmatlarini soddalashtirish va raqamlashtirishda juda muhim ahamiyatga ega bo‘ladi.

– Agentlik har yili Milliy kengashga taqdim etadigan takliflar nimalarni o‘z ichiga oladi?

– Qarorda bu masala aniq ko‘rsatilgan. Agentlik har yili 1 aprelga qadar Milliy kengashga NNTlarning korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘nalishidagi loyihalari va ularni moliyalashtirish bo‘yicha takliflar, fuqarolik jamiyati institutlari ishtirokini kengaytirish, ularning davlat organlari bilan hamkorligi, normativ-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish bo‘yicha tashabbuslari to‘g‘risidagi ma’lumotlar bo‘yicha takliflarni kiritadi.

Bu tizim davlat va fuqarolik jamiyatining hamkorligini mustahkamlaydi va korrupsiyaga qarshi kurashishda yagona strategiyani ta’minlaydi.

– Ushbu chora-tadbirlardan qanday amaliy natijalar kutilmoqda?

– Birinchidan, korrupsiya xavfi yuqori bo‘lgan sohalarda ochiqlik va jamoatchilik nazorati kuchayadi. Ikkinchidan, NNTlar orqali aholi fikri va muammolari davlat organlariga tezroq yetib boradi. Uchinchidan, xalqaro standartlarga mos va ilmiy asoslangan choralar korrupsiyaning oldini olishni samarali qiladi. Natijada fuqarolar sifatli va shaffof davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniga ega bo‘ladi.

Xulosa qilib aytganda, yangi tartib NNTlarni monitoring va jamoatchilik nazoratiga faol jalb etish, grantlar va ijtimoiy buyurtmalar orqali ularning loyihalarini moliyalashtirish, maishiy korrupsiyani o‘rganish uchun ijtimoiy tadqiqotlar o‘tkazish va davlat organlari faoliyatining ochiqligini ta’minlashga qaratilgan. 

Bu chora-tadbirlar korrupsiyaning oldini olishda jamoatchilik ishtirokini kuchaytiradi va fuqarolarning davlatga bo‘lgan ishonchini oshiradi.

O‘zA muxbiri

                                               Norgul Abduraimova

                                                                  suhbatlashdi.