Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Korrupsiyaga qarshi kurashishda fuqarolik jamiyati institutlari ishtirokini yanada kengaytirish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilandi
14:14 / 2025-09-23

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida fuqarolik jamiyati institutlarining ishtirokini yanada kengaytirish va ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror qabul qildi.

Unga muvofiq, korrupsiyaga qarshi kurashishni ilmiy asosda tashkil etish, sohada fuqarolik jamiyati institutlari ishtirokini yanada kengaytirish va ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlashning ustuvor vazifalari belgilandi. Ular: 

a) korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyatida ilmiy tashkilotlar va fuqarolik jamiyati institutlarining rolini oshirish; 

b) korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining natijadorligi va samaradorligini har bir soha va hudud kesimida tahlil qilish tizimini joriy etish; 

v) korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi tadqiqotlarga mahalliy va xorijiy yetakchi oliy ta’lim hamda ilmiy-tadqiqot tashkilotlarini keng jalb etish, qo‘shma ilmiy tadqiqotlar olib borish, ilg‘or tajriba almashish borasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish; 

g) korrupsiyaga qarshi kurashishning eng dolzarb masalalari bo‘yicha kompleks sotsiologik, ilmiy va amaliy tadqiqotlarni tizimli asosda, shu jumladan, milliy va xalqaro grantlarni jalb etgan holda amalga oshirish; 

d) korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi tadqiqotlar natijalarini o‘rganish, tahlil qilish va ularning amaliyotga joriy etilishiga ko‘maklashish, sohada faoliyat yurituvchi olimlar, ekspertlar va tadqiqotchilar faoliyatini ilmiy-uslubiy ta’minlashdan iborat. 

Qaror bilan korrupsiyaga qarshi kurashishda fuqarolik jamiyati institutlarining ishtirokini yanada kengaytirishga qaratilgan quyidagilarni nazarda tutuvchi yangi tartib joriy etiladi: 

a) BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasi qoidalarining bajarilishini monitoring qilishga nodavlat notijorat tashkilotlarni jalb etib, ular tomonidan muqobil baholash tizimini yo‘lga qo‘yish; 

b) nodavlat notijorat tashkilotlarning korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘nalishidagi loyihalariga har yili 10 mlrd sum miqdorida grantlar ajratish va ijtimoiy buyurtmalar berish; 

v) Agentlikning ijtimoiy buyurtmasi asosida sohalar va hududlar kesimida maishiy korrupsiya holatlarini keltirib chiqaradigan omillar va unga fuqarolarning munosabatini o‘rganish maqsadida ijtimoiy so‘rovlar o‘tkazish. 

O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi, "Yuksalish" harakati va "Ijtimoiy fikr" respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish markazining ular muassisligida muassasa shaklidagi "Korrupsiyaga qarshi kurashish muammolari bo‘yicha mintaqaviy tadqiqot markazi" nodavlat notijorat tashkiloti tashkil etiladi. 

Mazkur tashkilotning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat bo‘ladi: 

a) aholining, ayniqsa, yoshlarning, fuqarolik jamiyati institutlarining korrupsiyaga qarshi kurashishdagi faolligini oshirish, jamiyatda ushbu illatga qarshi murosasiz munosabatni shakllantirish masalalarini tadqiq etish;

b) davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarida halollik standartlarini joriy etishga ko‘maklashish, davlat organlari hamda boshqa tashkilotlarga ilmiy-uslubiy yordam ko‘rsatish; 

v) xalqaro va mintaqaviy dolzarb ahamiyatga ega bo‘lgan korrupsiyaga qarshi kurashish muammolarini, korrupsiyaning, shu jumladan, maishiy korrupsiyaning holatini, xususiyatini, miqyoslarini, o‘zgarishlarini hamda uni keltirib chiqarayotgan asosiy omillarni kompleks o‘rganish va tadqiq qilish; 

g) korrupsiyaning oldini olish hamda korrupsiyaviy xavf-xatarlarni kamaytirishga qaratilgan ilmiy-amaliy takliflarni ishlab chiqish, O‘zbekistonning korrupsiyaga qarshi kurashishga oid xalqaro reytinglarda munosib o‘rin egallashi uchun amaliy choralar ko‘rish; 

d)  korrupsiyaga qarshi kurashish muammolarini tadqiq etishda mahalliy va xorijiy ekspertlar hamkorligini yo‘lga qo‘yish;

j) korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida xorijiy davlatlarning qonunchiligi hamda huquqni qo‘llash amaliyoti, shu jumladan, ilg‘or tajribasini joriy etish samaradorligini prognoz qilish, bu borada tegishli taklif va tavsiyalar ishlab chiqish;

z) O‘zbekiston Respublikasi tomonidan BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasi va korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi boshqa xalqaro shartnomalar qoidalarining bajarilishi yuzasidan o‘rganishlar o‘tkazish hamda muqobil hisobotlarni tayyorlash. 

Prezident qarori bilan korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida fuqarolik jamiyati institutlarining ishtirokini yanada kengaytirish va Korrupsiyaga qarshi kurashish muammolari bo‘yicha mintaqaviy tadqiqot markazining faoliyatini samarali tashkil etish yuzasidan "yo‘l xaritasi" tasdiqlandi.

O‘zA