Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Korrupsiyaga qarshi kurashish va ochiqlik bo‘yicha Toshkent forumi
17:16 / 2021-12-03

9 dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni munosabati bilan yurtimizda “Aksilkorrupsiya haftaligi” o‘tkazilmoqda.

Mazkur haftalik doirasida “Korrupsiyaga qarshi kurashish va ochiqlik bo‘yicha Toshkent forumi” bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Adliya vazirligi, Bosh prokuratura, shuningdek, BMT Taraqqiyot dasturi, BMT giyohvand moddalar va jinoyatchilik boshqarmasi, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti hamkorligida tashkil etilgan tadbirda Ukraina, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Malayziya, Xitoy, Gruziya, Sloveniya korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha idora rahbarlari, shuningdek, diplomatik korpus va xalqaro tashkilotlar vakillari, xorijlik ekspertlar, yuzdan ortiq vazirlik hamda idoralar, fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Mazkur tadbir korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olish, davlat xizmatining ochiqligi va shaffofligini ta’minlash, korrupsiyaga qarshi kurashishning ilg‘or mexanizmlarini joriy etish bo‘yicha milliy va xalqaro tajribani taqdim etish, qolaversa, korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi huquqiy va institutsional bazani yanada takomillashtirish masalalarini muhokama qilish maqsadida tashkil etildi.

Forum doirasida turli mamlakatlar misolida korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha ko‘rilayotgan choralarning mohiyati va xususiyatlari ochib berildi. Yurtimizda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar natijalari xalqaro hamjamiyat e’tiboriga havola etildi. Forum ushbu masalalar doirasida korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olish sohasida milliy va xorijiy ekspertlar, davlat organlari, fuqarolik jamiyati institutlari va ommaviy axborot vositalari vakillari o‘rtasida fikr almashish uchun platformaga aylandi.

“Mamlakatda korrupsiyaga qarshi siyosatni shakllantirish va uning shakllanishida jamoatchilikning ishtiroki”, “Ochiqlik va shaffoflik - korrupsiyaga qarshi kurashishning samarali vositasi sifatida”, “Korrupsiyani bartaraf etish bo‘yicha samarali mexanizm va chora-tadbirlar” hamda “Korrupsiyaga qarshi kurashishda xalqaro hamkorlikning ahamiyati” mavzularidagi to‘rtta sessiyada muhokamalar olib borildi.

Jumladan, aholining huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish, mamlakatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligini ta’minlash, ularning hisobdorligini oshirish masalalari o‘rganildi.

Nodavlat notijorat tashkilotlari hamda davlat organining o‘zaro hamkorligi natijasida ishlab chiqilgan va amalga oshirilgan “Antikorrupsiya laboratoriyalari” loyihasi doirasida bajarilgan ishlar amaliy namuna sifatida taqdim etildi.

Bundan tashqari, davlat boshqaruvida korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar, xususan, davlat organlarida korrupsiyaga qarshi kurashish “komplayens-nazorat” tizimini joriy etishning mexanizmlari bo‘yicha ma’lumot berildi. Manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish, mol-mulkni deklaratsiyalash va tartibga solishning usullari, normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalarini korrupsiyaga qarshi ekspertizasini o‘tkazishda fuqarolik jamiyati institutlari va ommaviy axborot vositalarini jalb qilish amaliyoti, korrupsiyaning oldini olishda tadqiqot natijalaridan foydalanishning turli yondashuvlari va amaliyoti yuzasidan ishtirokchilar o‘rtasida fikr almashildi.

[gallery-4934]

Qatnashchilar korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi xalqaro hamkorlikning o‘ziga xos jihatlari, uning istiqbollari, korrupsiyaga qarshi kurashishning qonuniy va institutsional asoslarini takomillashtirish, O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi islohotlarni amalga oshirishga ko‘maklashish masalalariga ham alohida e’tibor qaratdi.

Tadbir doirasida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan aksilkorrupsiyaviy islohotlarni xalqaro hamjamiyat vakillariga yetkazishga qaratilgan “Uzbekistan Anti-corruption digest” jurnalining ilk soni taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Forum yakunida korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha samarali siyosatni ishlab chiqish, korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha chora-tadbirlar samaradorligini baholash va oshirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.

 

N.Abduraimova, O‘zA