Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Korrupsiyaga qarshi kurashish va kiberxavfsizlik — bank tizimida ustuvor vazifa
11:19 / 2026-02-19

2026-yil 18-fevralda “O‘zmilliybank” AJ Toshkent shahar Bosh boshqarmasi tarkibidagi Bektemir BXMda korrupsiyaga qarshi kurashish, xodimlarning huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish hamda kiberxavfsizlik masalalariga bag‘ishlangan huquqiy-targ‘ibot tadbiri o‘tkazildi.

Ushbu tadbir bank tizimida qonuniylikni ta’minlash, korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish va zamonaviy tahdidlardan himoyalanish maqsadida tashkil etildi.

Onlayn firibgarlik va kiberjinoyatlarga qarshi profilaktika

Tadbir doirasida so‘nggi yillarda keskin ko‘payib borayotgan onlayn savdo orqali sodir etilayotgan firibgarlik holatlari muhokama qilindi. Bektemir tumani IIO FMB NPV profilaktika inspektorlari tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilayotgan feyk xabarlar, kriptovalyuta orqali tez boyish haqidagi yolg‘on va’dalar, shaxsiy ma’lumotlarni qo‘lga kiritish orqali bank kartalaridan pul yechib olish kabi jinoyat turlari haqida atroflicha tushuntirishlar berildi.

Ayniqsa, kiberxavfsizlik qoidalariga qat’iy amal qilish, shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish va shubhali manbalarga ishonmaslik har bir bank xodimi va mijoz uchun dolzarb ekanligi ta’kidlandi. Chunki axborot xavfsizligi bugungi kunda moliyaviy barqarorlikning muhim tarkibiy qismiga aylangan.

Korrupsiya — taraqqiyotga tahdid

Tadbirda korrupsiya masalasi alohida o‘rin egalladi. Qayd etilganidek, korrupsiya har qanday davlat va jamiyatning siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishiga jiddiy zarar yetkazadi. U adolat tamoyillarini izdan chiqaradi, fuqarolarning davlat organlari va moliyaviy muassasalarga bo‘lgan ishonchini susaytiradi.

2017-yil 3-yanvarda qabul qilingan Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi Qonun mamlakatimizda ushbu illatga qarshi kurashishning huquqiy asosini mustahkamladi. Qonunga muvofiq, korrupsiya — mansab vakolatlaridan shaxsiy yoki boshqa shaxslar manfaati yo‘lida qonunga xilof ravishda foydalanishdir. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tashkil etilishi korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yangi bosqichga olib chiqdi. Bugungi kunda davlat organlari qatorida bank tizimi ham ushbu yo‘nalishda faol ishtirok etmoqda.

Manfaatlar to‘qnashuvi va cheklovlar

Tadbirda davlat xizmatchilari uchun belgilangan cheklov va taqiqlar, manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish masalalari keng yoritildi. Davlat xizmatchisiga tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish, xizmat vakolatidan shaxsiy manfaat yo‘lida foydalanish, mansab vazifalari bilan bog‘liq holda sovg‘a va mukofotlar qabul qilish qat’iy taqiqlanishi ta’kidlandi. Bu borada Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risidagi Qonun normalari alohida ahamiyat kasb etadi. Qonun davlat xizmatchilaridan yuksak mas’uliyat, halollik va qonuniylikka sodiqlikni talab etadi.

[gallery-27735]

“Halollik vaksinasi” — ma’naviy immunitet

Korrupsiyaga qarshi kurashish faqat huquqiy choralar bilan cheklanib qolmasligi kerak. U, avvalo, har bir xodimning ichki e’tiqodiga aylanishi zarur. “Xalollik vaksinasi” g‘oyasi aynan shu ma’noda ilgari surilmoqda — ya’ni har bir inson o‘z faoliyatida halollikni ustuvor qadriyat sifatida qabul qilishi lozim.

Bank tizimida ochiqlik, shaffoflik va qonuniylikni ta’minlash orqali mijozlar ishonchini mustahkamlash mumkin. To‘g‘ri va adolatli qarorlar qabul qilinishi esa jamiyatda adolatga bo‘lgan ishonchni yanada oshiradi.

Korrupsiya va kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish — bugungi kunda bank tizimining eng muhim vazifalaridan biridir. Huquqiy ong va madaniyatni yuksaltirish, manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik, axborot xavfsizligini ta’minlash orqali barqaror va ishonchli moliyaviy muhit yaratish mumkin.

Har bir xodimning halolligi va mas’uliyati — tizim barqarorligining eng muhim kafolatidir. Zero, adolat va qonuniylik ustuvor bo‘lgan jamiyatdagina taraqqiyot bardavom bo‘ladi.

Madina Nasriyeva, O‘zA