Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida birinchi Milliy ma’ruza: unda nimalar aks etgan?
15:08 / 2022-12-13

Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda bir qator qonun loyihalari hamda boshqa masalalar qizg‘in muhokama etildi. Xususan, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan ilk bor tayyorlangan O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida milliy ma’ruza parlamentga taqdim etildi.

Mazkur masala yuzasidan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burhonov ma’ruza qildi:

"Mamlakatimizda korrupsiyaning oldini olish, unga qarshi kurashish, davlat va jamiyat hayoti hamda faoliyatining barcha sohalarida korrupsiyaviy omillarga barham berish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 29 iyundagi farmoniga asosan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tashkil etilib, agentlik zimmasiga har yili ommaviy axborot vositalari orqali e’lon qilinishi lozim bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi milliy ma’ruzani tayyorlash vazifasi yuklatildi.

Agentligimiz tomonidan tayyorlangan Milliy ma’ruza O‘zbekiston tajribasida yangilik bo‘lib, birinchi Milliy ma’ruzada asosan mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘nalishida amalga oshirilayotgan preventiv choralar haqida to‘xtalib o‘tilgan. Mazkur milliy ma’ruzada davlat organlari va tashkilotlari, fuqarolik jamiyati institutlari hamda OAV tomonidan korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida batafsil ma’lumotlar taqdim etilgan.

4 ta bob, xulosa, taklif va tavsiyalar qismidan iborat Milliy ma’ruza keng jamoatchilik, xususan, davlat organlari vakillari, mustaqil ekspertlar, jamoat faollari, olimlar va fuqarolarimiz uchun mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘nalishida olib borilayotgan ishlar bo‘yicha kompleks ma’lumot berishga mo‘ljallangan.

2017 yilda «Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi qonun qabul qilingandan so‘ng o‘tgan 5 yil davomida davlat va jamiyat qurilishining barcha sohalarida korrupsiyaviy omillarga chek qo‘yishga qaratilgan 80dan ortiq, shundan bevosita korrupsiyaga qarshi kurashish sohasini tartibga soluvchi 10 dan ortiq normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha 3 ta davlat dasturining (2017, 2019, 2021) qabul qilinishi orqali ushbu yo‘nalishda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlarni har yil belgilab olish amaliyoti joriy etildi. 2021 yilning o‘zida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida 20ga yaqin qonunchilik hujjatlari qabul qilindi.

2021 yilda ham korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi davlat siyosatini amalga oshirish maqsadida bir qator islohotlar izchil davom ettirildi. Birinchidan, ilg‘or xorijiy tajriba asosida korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida xabar bergan yoki korrupsiyaga qarshi kurashishga boshqacha tarzda ko‘maklashgan shaxslarni himoya qilish va rag‘batlantirish mexanizmi yaratildi. Ikkinchidan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni bilan korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha 2021-2022 yillarga mo‘ljallangan Davlat dasturi tasdiqlandi.

Uchinchidan, bir-birini takrorlovchi vakolatlarga ega davlat organlarini optimizatsiya qilish, ularning ixchamligini oshirish, davlat boshqaruvida byurokratiyani kamaytirish bo‘yicha choralar ko‘rildi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 3 apreldagi qaroriga muvofiq, davlat organlari xodimlarining soni 15 foizgacha maqbullashtirilishi natijasida davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari hamda ularning hududiy bo‘linmalarida jami 5 ming 288 ta shtat birliklari, vazirlik va idoralarning 40 nafar rahbar o‘rinbosarlari lavozimlari qisqartirildi.

To‘rtinchidan, davlat boshqaruvi tizimida «inson omili»ni kamaytirish hamda davlat va jamiyat boshqaruviga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish ishlari yanada rivojlantirildi. Xususan, Davlat xizmatlari markazlari tomonidan ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari soni 2021 yilda 166 taga yetkazildi, yer ajratish bilan bog‘liq barcha istisno va imtiyozlar tugatildi, hokim qarori asosida yerlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri va tekinga berish amaliyoti butunlay bekor qilindi. Yerlarni faqat auksion orqali sotilishi belgilandi. Tadbirkorlik sohasida 132 ta litsenziya va ruxsat berish tartib-taomillari bekor qilindi.

Beshinchidan, davlat organlari va tashkilotlari, shu jumladan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarida korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Oltinchidan, «Korrupsiyadan holi qonunchilik» tamoyili asosida qonunchilik hujjatlari va ularning loyihalarini korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazish tartibi joriy etilib, amaldagi normativ-huquqiy hujjatlar bosqichma-bosqich korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazilishi belgilandi.

Yettinchidan, korrupsiyaviy xavf-xatarlar yuqori bo‘lgan sohalar va tarmoqlarda «Korrupsiyasiz soha» va «Korrupsiyasiz hudud» kabi loyihalar kapital qurilish, oliy ta’lim, sog‘liqni saqlash va davlat xaridlari tizimlarida amalga oshirilmoqda. 

Sakkizinchidan, korrupsiyaning oldini olishdagi muhim vazifalardan biri bo‘lgan davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligini ta’minlash maqsadida Prezidentimizning tegishli farmoni bilan ochiq ma’lumotlar sifatida joylashtirilishi kerak bo‘lgan ijtimoiy ahamiyatga molik 33 turdagi ma’lumotlarning ro‘yxati tasdiqlandi", dedi agentlik direktori Akmal Burhonov.

Shuningdek, agentlik tomonidan Milliy ma’ruzada korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olish bo‘yicha bir qator takliflar ham ilgari surilgani qayd etildi. Jumladan, korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish faoliyatini ta’minlash mexanizmlarini tartibga solishda hamda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha xalqaro standartlarni qonunchilik va huquqni qo‘llash amaliyotiga implementatsiya qilishdagi huquqiy bo‘shliqlarni bartaraf etish lozim. 

Aholi va davlat xizmatchilarining korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi bilimlarini uzluksiz oshirish tizimini joriy qilish maqsadida «Korrupsiyaga qarshi kurashish virtual akademiyasi» loyihasini amalga oshirish, korrupsiya xavfi yuqori bo‘lgan sohalarda va hududlarda «Korrupsiyasiz soha» va «Korrupsiyasiz hudud» loyihalarini davom ettirish, davlat organlari va tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi kurashish choralarini kuchaytirish, shu jumladan, korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tizimi samaradorligini oshirish, davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligini ta’minlash maqsadida «Ochiq, shaffof va hisobdor hudud» va «Ochiq, shaffof va hisobdor vazirlik» loyihalarini kengaytirish kabi takliflar aks ettirilgan. Bundan tashqari, aholi va tadbirkorlik sub’ektlarining davlat organlari va tashkilotlari birinchi rahbarlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot tizimini yo‘lga qo‘yish maqsadida Ochiq ma’lumotlar portali negizida «Ochiq muloqot» veb-platformasini tashkil etish taklif etilgan.  

Majlisda birinchi Milliy ma’ruza yuzasidan fikr-mulohazalar, takliflar bildirildi, har bir siyosiy partiya fraksiyasining pozitsiyalari bayon etildi va Milliy ma’ruza ma’lumot uchun qabul qilindi.   

Muhtarama Komilova, O‘zA