Toshkent davlat transport universitetida oliy ta’lim muassasalari tomonidan o‘z faoliyatlari ochiqligini ta’minlash, korrupsion xatarlarni oldini olish va bartaraf etish, korrupsiyaga qarshi kurashishning zamonaviy tizimlarini joriy etish kabi masalalarga bag‘ishlangan “Ochiq eshiklar kuni” o‘tkazildi.
Tadbirda universitet rahbariyati, professor-o‘qituvchilar, huquq-tartibot organlari xodimlari, talabalar, ularning ota-onalari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Bugungi kunda Toshkent davlat transport universitetida 9 ta fakultet, 41 ta kafedra faoliyat yuritayotgan bo‘lib, yoshlarga 45 ta mutaxassislik, 62 ta yo‘nalishda saboq beriladi. Talabalar soni 20 mingdan ziyod.
Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining tegishli buyrug‘iga asosan, universitetda Korrupsiyaga qarshi kurashish “Komplayens-nazorat” tizimini boshqarish bo‘limi tashkil etilgan. Bo‘limning “TDTrU_Korrupsiyaga Qarshi Kurash” Telegram kanalida muntazam ravishda korrupsiya qarshi kurashishga doir mavzularda video-lavhalar, targ‘ibot va ogohlikka chorlovchi ma’lumotlar berib boriladi. Shuningdek, bo‘limning universitet rahbariyati tomonidan tasdiqlangan ish rejasi asosida korrupsiyaga qarshi kurashishga oid qator tadbirlar o‘tkazib kelinmoqda.
[gallery-14747]
Har semestr yakunida Ta’lim sifatini nazorat qilish bo‘limi bilan hamkorlikda universitetda sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan korrupsion holatlar yuzasidan ma’lumotlar to‘plash va tegishli chora-tadbirlar ishlab chiqish maqsadida talabalar va xodimlar o‘rtasida anonim so‘rovnomalar o‘tkazish amaliyoti joriy etilgan.
Shu bilan birga, talaba-yoshlar o‘rtasida korrupsiyaga qarshi kurashni targ‘ib qiluvchi mavzularda insholar, rasmlar va videoroliklar ko‘rik-tanlovlari tashkil etish an’anaga aylangan.
Xususan, ana shunday tadbirlardan biri, 9 dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni oldidan e’lon qilingan “Aksilkorrupsiya oyligi” doirasida universitetda 25 noyabrdan 2 dekabrga qadar “Aksilkorrupsiya haftaligi” o‘tkazilishi belgilangan. Haftalik davomida “Biz, birgalikda korrupsiyani to‘xtatamiz” mavzusida insholar, rasm va videoroliklar tanlovi hamda “Zakovat” intellektual o‘yini tashkil etiladi.
Qayd etilishicha, bo‘lim o‘z faoliyati davomida korrupsion xatti-harakatlar sodir etilganlikda gumon qilingan holatlarni ham o‘rganib, tegishlicha xizmat tekshiruvlarini o‘tkazib kelmoqda. Jumladan, joriy yilda 5 marotaba xizmat tekshiruvi o‘tkazilgan bo‘lsa, 2 ta holatda aybdor deb topilgan xodimlarga nisbatan “Hayfsan” intizomiy chorasi qo‘llanildi, 3 ta holatda bir nechta xodimga nisbatan ogohlantirish berilgan.
Tadbirda universitetda korrupsion holatlarning oldini olish, mazkur yo‘nalishdagi ishlar samaradorligini oshirish bo‘yicha taklif, fikr va mulohazalar bildirildi.
Ishtirokchilar universitet faoliyati, o‘quv jarayonlari bilan bevosita tanishdi. Ularni qiziqtirgan barcha savollariga atroflicha javob berildi.
Kamola Yusupova,
Murodxon XO‘JAEV(surat),O‘zA