Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) Bosh Assambleyasining 2003 yil 21 noyabrdagi rezolyutsiyasiga muvofiq, 2004 yildan boshlab 9 dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurash kuni sifatida nishonlanadi.
Sana munosabati bilan dekabr oyida Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish oyligi o‘tkazilmoqda.
Oylik doirasida Huquqni muhofaza qilish akademiyasida “BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasi ishtirokchi-davlatlari konferensiyasi modeli: ikkinchi bosqichni amalga oshirish obzori” tashkil etildi.
Unda Markaziy Osiyo yuridik oliy ta’lim muassasalari tinglovchilaridan iborat 11 jamoa ishtirok etdi.

Konferensiya ikki bosqichdan iborat bo‘lib, unda ishtirokchilar BMT konvensiyasi bo‘yicha o‘z bilimlarini namoyon qildi.
Xususan, birinchi bosqichda ishtirokchilar Nigeriya, Avstraliya, Germaniya, Portugaliya, Shveysariya, Sloveniya, AQSH, Buyuk Britaniya, Irlandiya, Janubiy Afrika va Shimoliy Makedoniya davlatlarining shartli delegatlari sifatida BMT konvensiyasining 55-moddasi, ya’ni musodara qilish maqsadlaridagi xalqaro hamkorlik qoidalarining mazkur davlatlar qonunchiligida qo‘llanilishi bo‘yicha hisobot berdi.
Aytib o‘tish kerakki, Konvensiyaning 55-moddasi ishtirokchi-davlatlar o‘z hududida jinoiy daromadlarni, mol-mulkni va jinoyat sodir etish vositalarini musodara qilish to‘g‘risidagi murojaatnomalarni ijro qilish va ijroga yuborish, bunday mulklarni aniqlash, kuzatish, hibsga olish hamda musodara qilish uchun choralar ko‘rish hamda mazkur moddaning holatlarini halol bo‘lgan uchinchi tomonlarning huquqlariga zarar yetkazadigan tarzda talqin qilmaslik kabi qoidalarni belgilaydi.
Tadbirning ikkinchi qismida jamoalar o‘zlari himoya qilgan xorijiy davlatning tajribasi asosida o‘z mamlakatlarida musodara qilish maqsadlaridagi xalqaro hamkorlik qoidalarini ta’minlashga qaratilgan takliflar orqali milliy qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha chiqishlarni amalga oshirdi.
Shartli delegatlarning hisobotlari va takliflari Bosh prokuratura, BMT va GIZning sohaga doir ekspert-mutaxassislari tomonidan baholab borildi.
Mazkur tadbir talabalarga BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasi va ilg‘or xorijiy musodara qilish masalalarida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish masalalarini chuqur o‘rganish va bu boradagi bilim va ko‘nikmalarini oshirishga yordam berdi.
N.Abduraimova,
O‘zA