English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Korrupsiyaga qarshi kurashish masalasi muhokama etildi
19:25 / 2021-06-19

Nukusda Ӯzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senatining Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining qo‘shma majlisi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda senatorlar, mahalliy Kengash deputatlari, hududiy huquqni muhofaza qiluvchi organlar, davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Majlisda Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokurori F.Allambergenov,  Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Qonuniylik, sud-huquq va korrupsiyaga qarshi kurashish masalalari qo‘mitasi raisi Z.Reymova, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vaziri S.Mambetqadirov,  Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vaziri A.Temirxanov va boshqalar so‘zga chiqib, joylarda korrupsiya holatlari, jumladan davlat byudjeti mablag‘larining maqsadli sarflanishini ta’minlash masalalariga to‘xtaldi.

Ta’kidlanganidek, hududiy idoralar tomonidan “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 2 fevraldagi “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi Ӯzbekiston Respublikasi qonunining qoidalarini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori hamda 2019 yil 27 maydagi “Ӯzbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni bilan tasdiqlangan korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha davlat dasturlari ijrosi, shuningdek, 2020 yil 9 iyundagi “O‘zbekiston  Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni ijrosini ta’minlash choralari ko‘rilgan.

Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasida davlat organlari, mas’ul idora va tashkilotlar bilan hamkorlikda hududda yo‘l qo‘yilayotgan korrupsiya, byudjet mablag‘larining talon-toroj qilinishi va suiiste’mol qilish bilan bog‘liq holatlar sohalar va idoralar kesimida muntazam tahlil qilinib, korrupsiyaviy jinoyatlarning kelib chiqish sabablari va ular sodir etilishiga imkon yaratib berayotgan sabab va shart-sharoitlarni bartaraf etish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rilgan.

2020 yil va joriy yilning o‘tgan davri mobaynida aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish maqsadida hududiy davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan jami 2264 marotaba uchrashuv, seminar va davra suhbatlari o‘tkazilib, ommaviy axborot vositalari orqali  chiqishlar qilingan.

Shu bilan birga, senatorlar va deputatlar tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasida hududiy davlat idoralari tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha amalga oshirilgan chora-tadbirlarga qaramasdan, bu sohadagi huquqbuzarlik va jinoyatlar sodir etilishining oldini olish borasidagi ayrim kamchiliklar tanqid qilindi.

Jumladan, tegishli nazoratning lozim darajada yo‘lga qo‘yilmaganligi oqibatida Qoraqalpog‘iston Respublikasining maktabgacha ta’lim, xalq ta’limi, oliy ta’lim, ichki ishlar, sog‘liqni saqlash, qurilish, qishloq xo‘jaligi, suv xo‘jaligi vazirliklari, hokimliklar, bank tizimi, shuningdek majburiy ijro byurosi, soliq organlari tomonidan korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarga yo‘l qo‘ymaslikka qaratilgan idoraviy kompleks chora-tadbirlarning ijrosi to‘liq bajarilmagan. Davlat organlari, fuqarolik jamiyati institutlari va boshqa nodavlat notijorat tashkilotlari o‘rtasida korrupsiyaga qarshi kurashish borasida o‘zaro hamkorlik va samarali ijtimoiy sheriklik yo‘lga qo‘yilmagan. Oqibatda Qoraqalpog‘iston Respublikasida korrupsion va mansabdor shaxslar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar soni 2020 yilda 90 tani, joriy yilning  5 oyi davomida 97 tani tashkil qilib, o‘tgan yilga nisbatan 2 barobarga oshgan.

Majlisda ushbu yo‘nalishda amalga oshirilgan ishlar atroflicha tahlil qilinib, istiqboldagi vazifalar belgidandi. Xususan, poraxo‘rlik, mansab vakolatlarini suiiste’mol qilish kabi holatlar, korrupsiyaning barcha ko‘rinishlariga barham berishda turli idoralar va aholi orasida targ‘ibot ishlarining samardorligini oshirish lozimligi ta’kidlandi. Shuningdek idoralar faoliyatining moliyaviy natijalarini ochib beradigan, korrupsiyaga qarshi choralarni oshkor etishni ta’minlaydigan mexanizmlarni joriy etish bo‘yicha ichki nazorat va ichki auditni yo‘lga qo‘yishni ta’minlash, davlat organlari xodimlari o‘rtasida manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish kabi ta’sirchan chora-tadbirlarni amalga oshirish belgilandi.

Qo‘shma majlisda muhokama qilingan masala bo‘yicha tegishli qaror qabul qilindi.

Tadbirda Ӯzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi N.Umarov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi o‘rinbosari A.Davletov  ishtirok etdi.

[gallery-2857]

Dovud ABIBULLAEV, Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA