Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Korrupsiyaga qarshi kurashish masalalari muhokama qilindi
15:14 / 2026-01-29

Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti yuridika fakulteti professor-o‘qituvchilari va talabalari bilan sudyalar ishtirokida uchrashuv o‘tkazildi.

Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi ma’muriy sudi sudyasi A. Imatov, Nukus tumanlararo ma’muriy sudi sudyasi Q. Babanazarov sud tizimida korrupsiyaning oldini olish, davlat xizmatlarini raqamlashtirish hamda sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar haqida ma’lumot berishdi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2025 yil 24 noyabrda qabul qilingan 23-sonli qarori sud amaliyotida yagona yondashuvni ta’minlash, qonun normalarini bir xil qo‘llash va huquqni qo‘llash amaliyotida adolat mezonlarini mustahkamlashga qaratilgani qayd etildi.

Tadbir davomida Prezidentning 2025 yil 26 dekabr kuni Parlament va O‘zbekiston xalqiga yo‘llangan Murojaatnomasida korrupsiyaga qarshi kurashish davlat siyosatida ustuvor vazifa sifatida belgilangani alohida ta’kidlandi. Unda korrupsiya islohotlarga xiyonat ekani qayd etilgan holda, 2026 yilda ushbu illatga qarshi kurashish bo‘yicha favqulodda choralar ko‘rish zarurligi belgilangan.

Xususan, barcha davlat idora va tashkilotlarida komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat uchun mas’ul rahbar o‘rinbosari lavozimini joriy etish, Hisob palatasi vakillari ishtirokida ta’sirchan moliyaviy nazoratni yo‘lga qo‘yish, davlat mablag‘lari va resurslaridan foydalanishda shaxsiy javobgarlikni keskin kuchaytirish vazifalari belgilab berilgani qayd etildi. Shu bilan birga, mansab va unvonidan qat’i nazar, qonun oldida barchaning tengligi, ichki ishlar, prokuratura, soliq, bojxona, moliya, bank tizimi, yirik davlat kompaniyalari, vazirlik va hokimliklar faoliyati to‘liq nazoratga olinishi ta’kidlandi.

Sudyalar ta’kidlaganidek, komplayens xizmati faoliyatiga to‘sqinlik qilish korrupsiyaga sheriklik sifatida baholanadi hamda qonunchilikka muvofiq javobgarlikka sabab bo‘ladi. Mazkur yondashuv korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish va davlat organlari faoliyatida ochiqlik hamda hisobdorlikni ta’minlashga qaratilgan.

Tadbir yakunida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olib, sud tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, raqamli sud amaliyoti va korrupsiyaga qarshi kurashishning amaliy mexanizmlari yuzasidan fikr almashdilar.

Dovud Abibullayev,

O‘zA muxbiri