Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Korrupsiyaga qarshi kurashish kun tartibida
16:39 / 2025-05-23

Xalq deputatlari Sirdaryo viloyat Kengashida Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha hududiy kengashning navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda viloyatdagi sog‘liqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan ishlar, mavjud muammolar hamda kelgusidagi ustuvor vazifalar keng muhokama etildi.

Xususan, maishiy korrupsiyani bartaraf etish, tibbiy muassasalarda oshkoralik va shaffoflikni ta’minlash, shifoxonalardagi o‘rinlarni bemorlar uchun adolatli taqsimlash va kadrlar tanlovida xolislik masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Yig‘ilishda Sirdaryo viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi rahbari Sanjar Xudoyberdiyev so‘zga chiqib, 2024 yil hamda joriy yilning o‘tgan davrida amalga oshirilgan ishlar, shuningdek, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar va ularni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rilgan choralar to‘g‘risida hisobot berdi.

Ta’kidlanishicha, 2024–2025 yillar davomida sog‘liqni saqlash tizimi xodimlari tomonidan 27 ta korrupsiyaviy jinoyat qayd etilgan. Ushbu holatlar tahlil qilinib, ularning kelib chiqish sabablari, tizimda mavjud bo‘shliqlar va yechim talab etuvchi yo‘nalishlar belgilab berildi.

Yig‘ilishda Korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy kengashi a’zolari, mahalliy deputatlar, prokuratura xodimlari, jamoatchilik vakillari hamda tibbiyot muassasalari rahbarlari ishtirok etdi. Savol-javoblar formatida o‘tgan muloqotda tanqidiy tahlillarga keng o‘rin berildi va takliflar tinglandi.

Yig‘ilish yakunida 2025 yil va undan keyingi davr uchun mo‘ljallangan, korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi aniq chora-tadbirlar, samarali yondashuv va vazifalarni qamrab olgan "yo‘l xaritasi"ni ishlab chiqish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Unda tizimli islohotlar, raqamlashtirish, javobgarlikni kuchaytirish va jamoatchilik nazoratini kengaytirish kabi ustuvor yo‘nalishlar aks etgan.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri