Korrupsiyaviy jinoyatlar orasidagi eng og‘ir va ijtimoiy xavflisi – pora olishdir. Ushbu jinoyat korrupsiyaga qarshi kurashish kuchayganidan keyin kamaydimi yoki..?
Tahlillarga ko‘ra, 2019 yilda 177, 2020 yilda 161, 2021 yilda esa 91 pora olish jinoyati sodir etilgan. Pora olish jinoyati oxirgi uch yilda deyarli 50 foizga kamaygan.
Joriy yilning o‘tgan 5 oyi davomida 17 pora olish jinoyati sodir etilgan bo‘lib, bu o‘tgan 2021 yilning shu davriga nisbatan qirqta kam.
Bu raqamlarni O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktorining axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi — matbuot kotibi Durdona Ochilova ma’lum qildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi pora olish bilan bog‘liq jinoyatlarni tahlildan o‘tkazganda, 2020 yilda 118 og‘ir, 13 o‘ta og‘ir darajadagi pora olish jinoyati sodir etilgan. 2021 yilda esa 62 og‘ir, 6 o‘ta og‘ir darajadagi pora olish jinoyatlari uchragan.
Ko‘rinib turibdiki, 2021 yilda og‘ir darajadagi pora olish jinoyati 56, o‘ta og‘ir darajadagi pora olish jinoyati 7 taga kamaygan.
Pora olish bilan bog‘liq jinoyatlar tahlili shuni ko‘rsatmoqdaki, Respublika bo‘yicha 91 pora olish jinoyati sodir etilgan bo‘lib, 91 nafar shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan.
Tuman-shahar miqyosidagi mansabdor shaxslar tomonidan sodir etilgan pora olish jinoyatlari umumiy pora olish jinoyatlarining 89 foizni tashkil qilgan.
2021 yilda Respublika miqyosidagi davlat tashkilotlarida ishlovchi mansabdor shaxslar tomonidan pora olish jinoyatlari sodir etilgani aniqlanmagan.
Bu «Korrupsiyasiz soha», «Korrupsiyasiz hudud» kabi loyihalar amalga oshirilayotgani, barcha davlat organlari va tashkilotlarida Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari tashkil etilayotgani natijasidir.
Sohalar kesimida tahlil qilinganda, pora olish jinoyatidan 20 tasi ichki ishlar (8 tasi yo‘l harakati xavfsizligi), 12 tasi maktabgacha ta’lim, 10 tasi hokimlik, 6 tasi harbiy, 6 tasi qishloq xo‘jaligi, 4 tasi xalq ta’limi, 4 tasi qurilish, 3 tasi kommunal xizmat (elektr, gaz, suv) va 26 tasi boshqa sohalar hisobiga to‘g‘ri kelgan.
Pora olish jinoyatlaridan 26 tasi yoki 28,5 foizi bevosita sud va huquqni muhofaza qilish organlar xodimlari tomonidan sodir etilgan. Bu umumiy pora olish jinoyatining deyarli uchdan bir qismini tashkil etadi.
Pora olish jinoyatlarining 38 tasi tama’girlik, 19 tasi takroran, 4 tasi ko‘p miqdorda, 4 tasi juda ko‘p miqdorda, 2 tasi bir guruh mansabdor shaxslar tomonidan oldindan til biriktirish bilan bog‘liq bo‘lsa, 2 tasi uyushgan guruh manfaatlarini ko‘zlab sodir etilgan.
Pora olish jinoyatlari bo‘yicha 2,3 mln. AQSH dollari va 113,7 mln. so‘m pora olingan bo‘lib, 62 ta holatda AQSH dollarida, 29 ta holatda so‘mda olingan.
Eng ko‘p pora miqdori 2 million AQSH dollarini, eng kam pora miqdori 50 AQSH dollarini tashkil etgan.
Codir etilgan pora olish jinoyatlarining 75 tasi tezkor tadbir, 16 tasi tergovga qadar tekshirish davomida fosh etilgan. Pora predmeti bo‘lgan pullar besh holatda vositachilar va 86 holatda to‘g‘ridan-to‘g‘ri mansabdor shaxslar tomonidan olingan.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi korrupsiyani keltirib chiqaruvchi omillarni mana shunday tahlillar orqali aniqlash va ularni bartaraf etish, korrupsiyaga qarshi qat’iy kurashishni davom ettiradi.
Norgul Abduraimova, O‘zA